O‘zbekiston prezidenti qarori bilan Ichki ishlar vazirligi va hududiy tizimlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ichki ishlar vazirining o‘rinbosarlari tanishtirildi. Jumladan, Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Muhiddin Jo‘rayev lavozimidan ozod etilib, ichki ishlar vazirining Jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Shuningdek, vazirlik Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Shavkat Mavlonov esa Ichki ishlar vazirining Turizm va transport ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga esa vazirlik Jinoyat qidiruv bosh boshqarma boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan polkovnik Ilhom Qutlimuratov tayinlandi.

Podpolkovnik Mamatmusayev Mirzoqul Mavlonqulovich Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlandi.