O‘zbekistonda moddiy madaniy meros ob’ektlariga noqonuniy egalik qilish, foydalanish hamda ularga zarar yetkazish holatlariga chek qo‘yilmayapti. Bu haqda O‘zbekiston madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayevning 20 dekabr kuni «Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosi haqida"gi axborotiga oid parlament eshituvida ma’lum qilindi, deya xabar berdi O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Vazirning qayd etishicha, hozirgi kunga qadar «Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida"gi Qonunda nazarda tutilgan vazifa — madaniy meros ob’ektlaridan foydalanish, ularni saqlash va muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, ularning hududlaridan foydalanish, tarixiy-madaniy qo‘riqxonalar, muzey-qo‘riqxonalar va tarixiy maskanlarni tashkil qilish, saqlash rejimlarini belgilovchi qonuniy mexanizmlari belgilanmagan va qabul qilinmagan.

Prezidentning 16 yanvardagi «Moddiy madaniy va arxeologiya merosi ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni takomillashtirish to‘g‘risida"gi Farmoyishi bilan 1 mayga qadar moddiy madaniy va arxeologiya merosi ob’ektlarini xatlovdan o‘tkazish, xatlov natijalari bo‘yicha ob’ektlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan va doimiy yangilanib boruvchi yagona elektron ma’lumotlar bazasi yaratish belgilangan bo‘lsa-da, biroq, amalda to‘liq bajarilmagan.

O‘rganishlarda 259 ta ob’ektga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlangan. Moddiy madaniy meros ob’ektlarining atigi 2608 tasining (34,14%) kadastr hujjatlari mavjud, 2232 tasiga (29,5%) muhofaza belgilari o‘rnatilgan, xolos. Obidalarning aksariyati ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan, ularning sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish talab darajasida emas.

Moddiy madaniy meros ob’ektlarining muhofaza hududlarida talab va me’yorlarga zid ravishda qurilish ishlarini olib borish holatlari ham uchrab turibdi. Aksariyat joylarda o‘z kasbining egalari — arxeolog, me’mor, san’atshunoslar ishlamayapti, moddiy madaniy va arxeologiya merosi ob’ektlarining yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish ishlari yakunlanmagan. Bunday ob’ektlarni ijaraga berish tizimi takomillashtirilmagan. Masalan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi «Sayid Otaliq» madrasasi (XVII asr) ijaraga berilgan bo‘lib, hozirda madrasa xonalaridan omborxona sifatida foydalanilmoqda.

Parlament eshituvida madaniyat vaziri taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatimizda 7476 ta moddiy madaniy, 107 ta nomoddiy madaniy meros ob’ekti mavjud. Muzeylarda 2,5 milliondan ziyod eksponat va kolleksiya mavjud, arxivlarda madaniy meros ob’ektlari bo‘lgan millionlab hujjatlar saqlanmoqda. Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari Umumjahon merosi ro‘yxatiga, Shoshmaqom, Navro‘z, Boysun madaniy muhiti, Askiya, Katta ashula, Palov madaniyati va an’anasi, Marg‘ilon hunarmandchilik maktabining atlas va adras to‘qish texnologiyasi kabi nomoddiy madaniy meros namunalari YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.

Shuningdek, Usmon Qur’oni, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar to‘plami, Xiva xonligi konselariyasi hujjatlari «Jahon xotirasi» dasturidan joy olgan. Yana bir muhim jihat shuki, mamlakatdagi 180 dan ortiq xalqaro sayyohlik yo‘nalishlarining 140 dan ortig‘i aynan tarixiy-madaniy meros ob’ekti bilan bog‘liq.

Shu bois, moddiy madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash va restavratsiya qilish ishlari uchun keyingi yillarda respublika byudjetidan ajratilayotgan byudjet mablag‘lari sezilarli darajada oshirildi. Jumladan, «Milliy tiklanish» DP fraksiyasi tashabbusi bilan, 2018 yilda 46 mlrd 569 mln so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2019−2021 yillarga mo‘ljallangan Byudjetnomada 2019 yilda 67 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutildi. Shu bilan birga, fraksiya taklifiga ko‘ra, mahalliy byudjetlar hisobidan ham alohida mablag‘lar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.