O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining 2014−2018 yillardagi faoliyati yakunlari va kelgusidagi vazifalari sarhisob qilindi. Bu haqda qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ushbu tadbirda Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva ma’ruza qildi.

«Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirayotgan ishlarimiz hali bugungi kun talabiga to‘liq javob bermaydi, hududlarda olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz ahvolda.

Siyosiy partiyalar bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan bo‘lishiga qaramasdan, ularning ijrosini ta’minlashga yetarli e’tibor qaratilmayapti. Vakillik organlari hamda Parlament deputatligiga nomzod ko‘rsatish jarayonida xotin-qizlar uchun belgilangan 30 foizlik kvota qamrab olinmayapti. Bugungi kunda vakillik organlari va parlament deputatlari orasidagi xotin-qizlar ulushi 15 foizni ham tashkil etmaydi. Sababi, ko‘rsatilayotgan nomzodlarni tayyorlash borasida tizimli ish olib borilmayapti, ayniqsa, rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlardan nomzod so‘ralsa, topib ham bera olmayapmiz", — dedi Norboyeva.

Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ayol kadrlarni ish bilan ta’minlanishi masalasiga ham to‘xtatilb o‘tdi. «Hozirgi kunda rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borayotgan ayollar soni 1 foizni ham tashkil etmaydi. Joylarda xotin-qizlarning yetakchiligini ta’minlashda asosiy bo‘g‘in bo‘lgan boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatlari ham qoniqarsiz ahvolda. Shunday ekan, biz Xotin-qizlar qo‘mitalari bu boradagi faoliyatimizni tubdan qayta ko‘rib chiqishimiz shart.

Birinchidan, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining kadrlar bilan ishlash Konsepsiyasini ishlab chiqishimiz va qabul qilishimiz lozim.

Bunda, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, ijtimoiy faol ayollarning rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish, ularni o‘qitish, malakasini oshirish, turli rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimini yaratish zarur.

Ikkinchidan, Siyosiy partiyalar bilan hamkorlikda vakillik organlariga, Parlament deputatligiga nomzodlarni tayyorlash va 2019 yilgi saylovlarda xotin-qizlar tomonidan nomzod ko‘rsatilishini 50 foizgacha yetkazish hamda deputatlar orasida ularning ulushini 30 foizdan kam bo‘lmasligiga erishishni o‘zimizga vazifa qilib olishimiz kerak.

Uchinchidan, xotin-qizlarning yetakchiligini ta’minlashda boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati kuchaytirishimiz, korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan iqtidorli, salohiyatli kadrlarni aniqlab, ulardan zaxira kadrlarni shakllantirish lozim. Ayniqsa, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalaridagi, shuningdek, xususiy sektordagi boshlang‘ich tashkilotlar faolligini oshirishimiz kerak", dedi u.