Fitch va Standard & Poor’s xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonga barqaror prognozli «BB-» reyting darajasini berdi.

Dastlab Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonga xorijiy va milliy valyutada «BB-» darajada (spekulyativ xususiyatlarga ega xatarli majburiyatlar) uzoq muddatli defolt eminenti, qisqa muddatli — «V» reytingini berdi. Reyting bo‘yicha prognoz — barqaror.

Fitch mamlakat iqtisodiyoti 2018 yilda 5 foizga, 2019 yilda esa 4,9 foizga o‘sishini bashorat qilmoqda. 2020 yilda o‘sish ko‘rsatkichi 5,3 foizga yetadi, deb hisoblaydi agentlik. «O‘sish davlatning strategik loyihalarga investitsiya kiritishi, turar-joy va infratuzilmalar uchun xarajatlari hisobidan ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.

Fitch inflyatsiya darajasi 2018 yilda 17,9 foizni tashkil etib, 2019 yilda 16,8 foiz va 2020 yilda 14 foizgacha kamayib borishini kutmoqda.

22 dekabr kuni esa Standard & Poor’s reyting agentligi ham O‘zbekistonga xuddi shunday «BB-» reyting darajasini berdi.

S&P tahlilchilarining fikricha, O‘zbekiston hukumati 2021 yilgacha mamlakatning kuchli tashqi va fiskal pozitsiyasini mustahkamlab turishga xizmat qiluvchi likvidli aktivlarning sezilarli darajadagi yuqori darajasini to‘pladi. Ayni vaqtda O‘zbekistonning iqtisodiy holati, YAIMning aholi jon boshiga ulushi (2018 yil oxirida 1200 dollarga yaqin) pastligicha qolmoqda.

«2016 yilda hokimiyatga Shavkat Mirziyoyev kelganidan boshlab iqtisodiyotni ochish va uning kelgusida o‘sishini ta’minlash uchun qator iqtisodiy va institutsional islohotlarni boshladi. Biroq qaror qabul qilinishining markazlashganligi, bizning fikrimizcha, bo‘lg‘usi siyosiy qarorlarni oldindan ayta olishga to‘sqinlik qiladi», — deya qayd etdi S&P.

S&P masalan iqtisodiyotning dollarlashtirish darajasini kamaytirish hisobiga pul-kredit siyosati samaradorligi oshirilsa, mamlakat suveren reytingini ham oshirish mumkinligini qayd etdi. Hukumat daromad bazasining yoki eksport tuzilmalarining yanada diversifikatsiya qilinishi ham reytingga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

O‘zbekistonning fiskal yoki tashqi pozitsiyasi yomonlashsa, masalan byudjet taqchilligi S&P bazaviy ssenariysidan oshsa yoki joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi tashqaridan moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojni oshirsa, reyting darajasi pasaytirilishi mumkin. Davlat ulushi bo‘lgan asosiy korxonalarning kuchsizlanishi davlat oldidagi shartli majburiyatlarning o‘sishiga xizmat qilsa ham reyting pasaytiriladi.

Prognoz qilinayotgan davr — 2021 yilgacha bo‘lgan muddatda Standard & Poor’s O‘zbekistonning real YAIM hajmi xizmat ko‘rsatish, sanoat va foydali qazilmalar sohalaridagi o‘sish hisobiga o‘rtacha 5 foizdan oshishini kutmoqda. Qurilish sektori ham YAIM o‘sishiga kichik ulush qo‘shadi.

Ko‘p yillar davomida iqtisodiyotni hukumat boshqardi va hozirda u YAIMda 60 foizga yaqin ulushga egalik qilayotgan davlat korxonalaridan mustaqil holatda. O‘zbekiston katta miqdordagi tabiiy resurslar zaxirasiga ega bo‘lib, o‘tgan yillar davomida ular eksporti joriy operatsiyalar hisobi profitsitini ta’minlab turdi, deya qayd etdi tahlilchilar.

Moliya vazirligining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, yaqin vaqtlarda «katta uchlik"dagi uchinchi reyting agentligi — Moody’s tomonidan ham O‘zbekistonga suveren reyting berilishi kutilmoqda.