O‘zbekiston professional futbol ligasi 2019 yilgi rejalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kelasi yildan bir qator yangiliklar joriy etiladi.

Matbuot xizmatidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, kelayotgan yilda har bir klubning shtat jadvali asosida ishga olingan muxlislar klubi yetakchisiga yanada ko‘proq mas’uliyat va vakolatlar taqdim etiladi. Muxlislar klubi yetakchilari oldiga qo‘yiladigan asosiy vazifa esa — o‘z sevimli jamoasi ixlosmandlarini yanada ko‘paytirib, ularni yagona fan-klubga birlashtirish bo‘ladi. Bu borada yetakchilarga klub va PFL tomonidan amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi.

Qolaversa, ortda qolgan mavsumda talab qilingan, ammo ijrosi ayrim klublar tomonidan paysalga solingan klub ramzi (maskot) va madhiyasini ishlab chiqish masalasi ham yangi — 2019 yildan e’tiboran majburiy bo‘ladi. Endilikda har bir klub (agar klub ramzi yoki madhiyasi mavjud bo‘lmasa) klub nomi, joylashgan shahri, klubning asosiy ranglari, unga muxlislik qiladigan auditoriyadan kelib chiqqan holda o‘z ramzi hamda madhiyasini ishlab chiqishi lozim bo‘ladi. Bu orqali Superliga-2019 o‘yinlari mobaynida o‘yindan oldin, tanaffus vaqtida va uchrashuvdan so‘ng stadionda klubning o‘z madhiyasi yangrashi ta’minlanadi.

2018 yilda klublar stadionlari hududida o‘z rasmiy do‘konlarini tashkil etdi. Yangi mavsumdan e’tiboran har bir klub rasmiy do‘koni o‘yinlardan tashqari vaqtlarda ham muxlislarga xizmat ko‘rsatishi ta’minlanadi. Qolaversa, stadionlardagi o‘yinlar vaqtida sotiladigan yegulik va ichimliklar narxi ham maqbul tarzda bo‘lishi nazorat qilinadi.

2019 yilda shuningdek oilaviy sektorlarga e’tibor yanada kuchaytiriladi va stadionga oilaviy tashrif buyuruvchi muxlislarga turli qulayliklar yaratilishiga harakat qilinadi.

Bundan tashqari Superliga uchrashuvlari uchun chiqariladigan chiptalar endilikda faqat stadion kassasidagina emas, sayyor kassalar orqali odam gavjum joylarda ham sotilishi yo‘lga qo‘yiladi.