O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi maktablardagi byurokratiya, jumladan ota-onalardan o‘quvchilar ta’til vaqtlarida munosib xulq-atvorda bo‘lishini kafolatlash to‘g‘risidagi kafolat xatini imzolashni talab qilinayotganini qoraladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kafolat xatida ota-onalardan qishki ta’til vaqtida bolalarining kompyuter klublariga, masjidlarga bormasligi, pirotexnika vositalarini sotib olmasligi va ulardan foydalanmasligiga, jamoat tartibini buzmasligi hamda jinoyat sodir etmasligiga kafolat berishi talab qilinadi.

Qayd etish joizki, ko‘p yillardan buyon qishki va yozgi ta’tillar oldidan ota-onalarga bu kabi xatlar muntazam ravishda yuborib turiladi.

«O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 73-moddasida ota-onalar farzandlarini tarbiyalashga mas’ul ekanligi bayon etilgan. Ular farzandlarining salomatligi, aqliy, jismoniy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishi uchun g‘amxo‘rlik qilishlari shart. Shu boisdan ham, ota-onalardan noqonuniy ravishda yozma kafolatlarning talab etilishi noto‘g‘ri hisoblanadi», — deyiladi XTV matbuot xizmati xabarida.

«Yangi yilni osoyishtalikda kutib olish, maktab va xonadonlarda yong‘in hamda texnika xavfsizligini ta’minlash maqsadida maktab rahbarlari, o‘qituvchilar, shu bilan birga ota-onalar ham bolalar orasida pirotexnika bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida tushuntirish ishlari olib borishi kerak», — deya qayd etdi vazirlik.

«Xalq ta’limi vazirligi o‘quvchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, o‘smirlik davridagi inqirozlarni, shuningdek, jinoyatchilikni kelib chiqishini oldini olish, o‘g‘il-qizlarni axborot maydonidagi tahdidlardan ogohlantirish maktab o‘qituvchilari va ota-onalarning doimiy burchi ekanligini ta’kidlaydi», — deya eslab o‘tdi XTV.