QHTBT portalida «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi taqdim etildi. Muhokama 2019 yil 2 yanvargacha davom etadi, deyiladi Norma.uz xabarida.

Hujjat prezidentning 19.09.2018 yildagi «Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroridagi tegishli topshiriq asosida Markaziy bank tomonidan ishlab chiqildi.

Qonun 12 ta bob, 65 ta moddadan iborat va quyidagi yo‘nalishlarni tartibga soladi:

to‘lov tizimlarini yaratish va ularning faoliyat yuritishi, ular ustidan nazorat;

hisob-kitoblarning yagona axborot makonini shakllantirish;

to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish va to‘lovlarni amalga oshirish.

To‘lov operatorlarining ishini tashkil etish

To‘lov xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini banklar ham, boshqa yuridik shaxslar (to‘lov operatorlari) ham amalga oshirishlari mumkin. Ular o‘zlari belgilagan qoidalarga ko‘ra to‘lov tizimi faoliyat yuritishini ta’minlaydilar. Qoidalar, shuningdek operator tariflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ulardagi o‘zgartirishlar operatorning veb-saytida e’lon qilinib, ular e’lon qilingan sanadan keyin qo‘llaniladi. To‘lov operatori bo‘lishni xohlovchi yuridik shaxs MBda tegishli litsenziya olishi kerak.

Belgilangan «to‘lov» qonunchiligi talablarini buzganligi uchun MBning to‘lov tizimi operatoriga nisbatan chora va sanksiyalarni qo‘llash tartibi e’tiborga loyiq. Xususan, agar ushbu qonunbuzarliklar to‘lov tizimi uzluksiz faoliyat yuritishiga yoxud ko‘rsatiladigan to‘lov xizmatlariga ta’sir qilsa, MB quyidagi choralardan birini qo‘llaydi:

qonunbuzarlikni bartaraf etish muddatini ko‘rsatgan holda uni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma yo‘llaydi;

5 000 EKIHgacha bo‘lgan miqdorda (bugungi kunda u 1 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etadi) jarima soladi;

ayrim operatsiyalarni o‘tkazishni 6 oygacha muddatga cheklaydi (to‘xtatib qo‘yadi);

litsenziyaning amal qilishini 3 oygacha muddatga to‘xtatib qo‘yadi.

Bundan tashqari, MB operatorlar va to‘lov tashkilotlarida inspeksiya tekshiruvlarini o‘tkazish vakolatiga ega.

Elektron pul oborotini tartibga solish

«Elektron pul» tushunchasi belgilandi. Bu elektron shaklda saqlanadigan va elektron pul tizimida uning boshqa ishtirokchilari tomonidan to‘lov vositasi sifatida qabul qilinadigan elektron pul emitentining so‘zsiz va chaqirib olinmaydigan pul majburiyatlaridir.

Shuningdek ularni chiqarish, realizatsiya qilish, foydalanish va qoplash tartibi belgilandi. Elektron puldan uning egasi — jismoniy shaxs fuqarolik-huquqiy tusdagi bitimlar bo‘yicha to‘lovlarni to‘lashda, shuningdek qonunchilikka zid kelmaydigan boshqa operatsiyalarni o‘tkazish uchun foydalanadi.

Jismoniy shaxs amalga oshiradigan, elektron pul ishtirok etadigan bitta operatsiyaning eng yuqori summasi belgilanmoqda:

identifikatsiyalangan pul egasi tomonidan — 100 EKIHdan ortiq emas;

identifikatsiyalanmagan egasi tomonidan — 1 EKIHdan ortiq emas. Ushbu summadan oshib ketganda identifikatsiyalanish zarur.

Elektron pul egasini identifikatsiyalash elektron pul emitenti va (yoki) elektron pul tizimi operatori tomonidan egasi shaxsan hozir bo‘lganda va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etganda amalga oshiriladi. Identifikatsiyalashning boshqa usullari, shu jumladan masofadan turib identifikatsiyalash usuli qo‘llanishi mumkin.

Qonun bilan to‘lov tizimlari faoliyatining boshqa jihatlari ham tartibga solingan.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.