Axborot kommunikatsiyalari vazirligi abonent raqamini saqlab qolgan holda uyali aloqa operatorini almashtirish tartibi loyihasini QHTBT portalida muhokama qilish uchun joylashtirdi. Bu haqda Norma.uz xabar tarqatdi.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari vazirlikka mijozlarni mobil aloqa raqamiga bog‘liq holda masofadan identifikatsiya qilish mexanizmining samarali ishlashini ta’minlash maqsadida 2018 yil yakuniga qadar mobil aloqa tarmog‘i abonenti boshqa mobil aloqa tarmog‘iga o‘tganda telefon raqamini saqlab qolish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasini topshirgan edi.

Abonentga o‘z raqami bilan operatordan operatorga o‘tish huquqini berish taklif etilmoqda. Buni 180 kalendar kunda ko‘pi bilan 1 marta amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Uyali aloqa operatorlari pullik asosda tegishli xizmatni ko‘rsatadilar.

Quyidagi jihatlarni qoida sifatida belgilash taklif etilmoqda:

uyali aloqa operatorlari uchun ajratilgan raqamlargina ko‘chiriladigan raqamlar bo‘lishi mumkin. Raqam ko‘chirilganligi natijasida raqamni terish formatini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

qat’iy belgilangan telefon aloqasi xizmatlarini taqdim etish uchun foydalaniladigan raqamlarni uyali aloqa tarmoqlariga ko‘chirish va buning aksini bajarish taqiqlanadi.

Ushbu xizmatlarni ko‘rsatish uchun Ko‘chiriladigan raqamlarning markazlashtirilgan bazasi tashkil etiladi. U uyali aloqa tarmoqlarida ko‘chirilgan abonent raqamlari to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasini boshqarish apparat-dasturiy kompleksidan tashkil topadi.

Abonentning buyurtmanomasi asosida uyali aloqa operatorlari uyali aloqa tarmoqlarida abonent raqamlari 1 ish kuni ichida ko‘chirilishini ta’minlaydilar.

Xizmatdan foydalanish uchun abonent quyidagi usullardan biridan foydalanib buyurtmanoma berishi kerak bo‘ladi:

a) telekommunikatsiyalar tarmog‘iga abonent raqami ko‘chirilayotgan uyali aloqa operatori bosh ofisining mijozlarga xizmat ko‘rsatish punktiga. Buyurtmanoma belgilangan shaklda va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgan holda beriladi. Abonent raqami boshqa abonent nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, uning notarial tasdiqlangan ishonchnomasini taqdim etish zarur;

b) telekommunikatsiyalar tarmog‘iga abonent raqami ko‘chirilayotgan uyali aloqa operatori saytida elektron ko‘rinishda.

Xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilingan taqdirda, abonent boshqa operatorning telefon raqami bilan kelgan uyali aloqa operatori ushbu raqamni dastlabki operatorga qaytaradi.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.