Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshida tashkil etilgan «Vatanparvarlar» bog‘iga tashrif buyurdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Mazkur majmua prezidentning viloyatga avvalgi safari chog‘idagi topshirig‘i asosida harbiy-vatanparvarlik ruhida rekonstruksiya qilindi.

7 gektar maydon obodonlashtirilib, muzey va blindaj qurildi, Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan o‘zbekistonliklar xotirasi abadiylashtirildi. Muzey atrofida tarixiy harbiy texnikalar joylashtirilgan.

Bog‘ markazida O‘zbekiston xaritasining ulkan maketi barpo etilgan. Unda har bir hududning buyuk siymolari, qadimiy obidalari, serviqor tog‘lari, bepoyon kengliklarigacha aks ettirilgan.

Bularning barchasi yoshlarning tarix haqidagi bilimlarini oshirib, mamlakatimizdan, ajdodlarimizdan, milliy armiyamizdan g‘ururlanish tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Bog‘dagi sun’iy ko‘l, amfiteatr, o‘q otish va qoyaga chiqish joylari yoshlarning vaqtini mazmunli o‘tkazish, salomatligini mustahkamlashga yordam beradi.

Prezident bog‘dagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, ta’lim muassasalaridagi «Jasorat» guruhlari a’zolari bilan suhbatlashdi.

«Bunday maskanlar yoshlarga xalqimiz tarixi, ma’naviyati va madaniyati haqida yaqqol taassurot beradi. Endi bundan samarali foydalanish, bu yerga yoshlarni ko‘proq olib kelib, ochiq darslar o‘tkazish kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaga qo‘shgan hissasini yoshlarga yetkazish, tinchlik-osoyishtaligimiz uchun katta xizmatlar qilgan vatandoshlarimiz haqida so‘zlab berish zarurligi ta’kidlandi.

Foto