2022 yil 31 dekabrga qadar respublikaning barcha hududlarida markazlashgan kuzatuvning avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bu prezidentning 12 dekabrdagi jismoniy va yuridik shaxslar mulkining qo‘riqlanishini ta’minlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan, deya xabar qildi Adliya vazirligi «Huquqiy axborot» Telegram-kanalida.

Hujjatga muvofiq, mamlakatda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi qurashish tizimiga «Xavfsiz xonadon» konsepsiyasi joriy etiladi.

Shuningdek, yangi turar joylar IIB organlari bilan kelishilgan holda majburiy tarzda qo‘riqlash-yong‘in tashvishgohlari va gazoanalizatorlar bilan jihozlanadi

Respublika mahallalarining xavfsizlik darajasi har chorakda reyting asosida baholanadi hamda har yili «Eng xavfsiz mahalla» respublika tanlovi o‘tkaziladi.

IIV Qo‘riqlash bosh boshqarmasi tarkibida asosiy faoliyat yo‘nalishi ko‘riqlov texnik vositalari va tizimlarini montaj qilish, ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘lgan «Qo‘riqlash Servis» DUK tashkil etiladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning uy-joylari va xonadonlariga foydalanish uchun beriladigan ko‘riqlov texnik vositalarini o‘rnatish va bepul texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarish ichki ishlar organlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.