Hukumat xalq ta’limini takomillashtirish: nashr etish xizmatlari narxlarini tartibga solish, o‘quvchilarning savodxonligini baholash xalqaro tadqiqotlarini o‘tkazish, o‘qituvchilar uchun ko‘krak nishonini ta’sis etish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qildi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Maktab darsliklarini nashr etish — endi ijtimoiy ahamiyatli faoliyat

Narxlari (tariflari) davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar (xizmatlar) va ularning strategik turlari ro‘yxatiga quyidagi xizmat turlari kiritildi:

o‘rta maktablarga tegishli umumta’lim fanlari bo‘yicha darslik va o‘quv-metodik majmualarni nashr etish xizmatlari (Xalq ta’limi vazirligining maxsus tasdiqlanadigan ro‘yxati bo‘yicha, bundan keyin — XTV);

XTVning «O‘quv ta’lim-ta’minot» DUK tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar.

Ma’lumot uchun: Ro‘yxat Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 martdagi 249-son qarori bilan tasdiqlangan va bugungi kunga kelib 23 ta pozitsiyani o‘z ichiga oladi.

O‘quvchilarning bilimlarini baholash uchun xalqaro tadqiqotlar o‘tkaziladi

Ular quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etiladi:

Progress in International Reading and Literacy Study (PIRLS) — 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash uchun;

Trends in International Mathematicsand Science Study (TIMSS) — 4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan o‘zlashtirish darajasini baholash uchun;

The Programme for International Student Assessment (PISA) — 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash uchun;

The Teaching and Learning International Survey (TALIS) — maktablarda o‘qitish va ta’lim olish muhitini hamda o‘qituvchilarning ish sharoitlarini o‘rganish uchun.

Buning uchun Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tashkil etildi va xalqaro tadqiqotlarda mamlakatimizning ishtirok etishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Bunda markazga tadqiqotlarni tashkil etish hamda muvofiqlashtirishda O‘zbekistonning vakili sifatida ishtirok etish vazifasi yuklatildi, uning direktori esa milliy loyiha menejeri hisoblanadi.

O‘tkazilgan tadbirlar natijalariga asoslangan holda o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan o‘quv dasturlari hamda o‘quv adabiyotlari mazmuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Eng yaxshi pedagoglarga — ko‘krak nishoni

«Xalq ta’limi fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan xalq ta’limi sohasida barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida fidokorona mehnat qilgan hamda soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan fuqarolar taqdirlanadi. Mukofotni O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham olishi mumkin.

Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari taqdirlashga nomzodlar bo‘yicha dastlabki takliflarni tegishli viloyat boshqarmalariga har yili 10 iyulga qadar taqdim etadi. Ular esa, o‘z navbatida, o‘rganilgan takliflarni 1 avgustga qadar XTVga taqdim etadi. Yakuniy xulosani u tashkil etadigan maxsus komissiya qabul qiladi.

Mukofot O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami (1 oktyabr) arafasida vazirlik vakillari tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

Mukofotlangan shaxslar EKIHning 4 barobari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotini ham oladi.