O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 2018 yilning 5 dekabr kuni BMTning bola huquqlari qo‘mitasi raisi Renata Vinterni qabul qildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda BMT delegatsiyasi tarkibiga YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Grauman boshchiligida ushbu tashkilot xodimlari ham ishtirok etdilar.

Tomonlar mazkur uchrashuv doirasida xalq ta’limi tizimida bola huquqlarini himoya qilish masalalarini atroflicha muhokama etdilar.

Jumladan, tomonlar ilg‘or xorijiy tajriba asosida tarbiyasi qiyin bo‘lgan bolalar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.

Xalq ta’limi vazirligi taklifiga ko‘ra, tomonlar tarbiyasi qiyin bo‘lgan bolalar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va nogironligi bo‘lgan bolalar huquqlarini ta’minlash uchun takliflar ishlab chiqish uchun ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.