Toshkent shahar bojxona boshqarmasi «Keles» temir yo‘l chegara-bojxona postida Davlat xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mita xodimlari bilan hamkorlikda respublikaga qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk poyezdi vagonlarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida yirik miqdordagi pirotexnika vositalarining noqonuniy olib kirilishi oldi olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbir davomida vagonlarga yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida umumay qayd etilmagan 822 kg og‘irlikdagi pirotexnika vositalari ortilganligi ma’lum bo‘ldi. Go‘yoki egasiz tarzida olib kirishga urinilgan 6 nomdagi 16 ming 448 dona pirotxenika vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 164 mln so‘mdan oshmoqda.

Bundan tashqari ushbu vagonda 13 nomdagi 1300 donadan ortiq sifati kafolatlanmagan dori-darmonlar hamda 15 nomdagi 497 dona parfyumeriya vositalari ham noqonuniy ravishda olib kirilayotganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan dastlabki bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.