Shayxontohur tumanidagi Ipakchilik ilmiy tadqiqot instituti bosh energetigi I.N. MIB xodimiga pora berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda «Xalq so‘zi Online» xabar qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, institutda o‘tkazilgan tekshiruvda qariyb 400 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan. Shundan so‘ng bosh energetik yetkazilgan zararni kamaytirib ko‘rsatish hamda mazkur to‘plangan hujjatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik uchun MIB xodimiga 2 ming dollar pora taklif qilgan.

1 dekabr kuni Majburiy ijro byurosi Shayxontohur tuman bo‘limi va tuman prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda I.N. MIB surishtiruvchisiga va’da qilingan 2000 dollarning 450 ming so‘mini berayotganda ushlandi.

Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.