FIFA prezidenti Janni Infantino Toshkentning «Lokomotiv» klubini O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgani bilan tabriklab, maktub yubordi, deya xabar qildi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi.

Maktubda, jumladan, shunday deyiladi:

«Toshkentning PFK «Lokomotiv» klubi ketma-ket uchinchi marta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgani munosabati bilan o‘z tabrigimni yo‘llashdan benihoya mamnunman.

Mazkur chempionlikka o‘z hissasini qo‘shgan, katta hajmdagi mehnatni amalga oshirgan klubning barcha xodimlarini ham yuksak natija bilan tabriklab qolaman.O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan yurtingizda futbol rivoji uchun amalga oshirilayotgan ko‘plab islohotlar, chora-tadbirlar va sa’y-harakatlar futbol jamoatchiligini xursand qilmoqda.

Mazkur islohotlarni amalga oshirishda Sizlarga muvaffaqiyatlar tilab qolaman!"

Eslatib o‘tamiz, 26 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasining 31-turi doirasida poytaxtdagi ikki jamoa — «Lokomotiv» va «Paxtakor» uchrashuvida temiryo‘lchilar raqiblaridan 3:2 hisobida ustun kelib, chempionlikni muddatidan avval hal etgan edi.