27 noyabr kuni Nyu-Yorkdagi BMT qarorgohida BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi faoliyati boshlanishiga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbir bo‘lib o‘tadi.

Tadbir O‘zbekiston, Norvegiya va Yaponiya hukumatlari tomonidan BMTning inson xavfsizligi bo‘yicha bo‘limi, BMTning O‘zbekistondagi mamlakat guruhi va BMTning ko‘psheriklik maqsadli jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Yuqori darajadagi tadbir BMT shafeligida O‘zbekistonning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi (IXKTF) faoliyatining rasmiy boshlanishiga bag‘ishlangan. Tadbir davomida inson xavfsizligi konsepsiyasini qo‘llash orqali Orol inqirozi natijasida aziyat chekkan aholining talab va ehtiyojlari tahlil qilish va ularni ta’minlashga asoslangan jamg‘armaning strategiyasi dasturi taqdim etiladi. Shuningdek, milliy va mintaqaviy chegaralardan allaqachon chiqib bo‘lgan va borgan sari butun xalqaro hamjamiyatning harakatlarini birlashtirishni talab qilayotgan Orol dengizining ekologik inqiroziga xalqaro jamoatchilik va donor mamlakatlar e’tiborini qaratish tadbirning yana bir maqsadidir.

2018 yilning 22 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va doimiy rivojlanishni ta’minlash maqsadida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash haqidagi 72/283 raqami ostida Rezolyutsiyani qabul qildi.

Rezolyutsiyada Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yanada qalin va keng muvofiqlashtirilgan hamkorlikning ahamiyati ta’kidlangan va a’zo davlatlarga, jumladan, «Orol dengizini qurishining ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatishga yo‘naltirilgan Markaziy Osiyo davlatlarining sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash» haqidagi murojaat o‘rin olgan. Rezolyutsiyada BMT tizimidagi ixtisoslashgan muassasalar, jamg‘armalar va dasturlarga «Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik, integratsiyalashuv va barqaror rivojlanishning ustuvorliklarini qo‘llab-quvvatlashda o‘zlarining dastur va tadbirlarini kelishib olishga» qat’iy da’vat o‘rin olgan.

Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari

Qachonlardir jahondagi eng katta ko‘llarning to‘rtinchisi bo‘lgan Orol dengizini qurishi dunyodagi eng yirik ekologik fojialardan biri bo‘lib, mintaqadagi hukumatlar va hamjamiyatlar uchun qator ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy va gumanitar muammolarning sababchisi, deb hisoblanadi. Oxirgi 50 yil mobaynida Amudaryo va Sirdaryoning Orol dengiziga quyiladigan suv miqdori besh karra qisqardi, dengiz hajmi esa 14 marotabaga kichraydi. Dengizdagi suvning sho‘rlanish darajasi 25 marotabaga oshdi va jahon okeanlarining minerallashuv darajasidan anchagina oshib ketdi. Qachonlardir ovchilik taraqqiy etgan suvlar o‘rnida bugun maydoni 5,5 million gektarga teng bo‘lgan qum-tuz cho‘li yuzaga keldi, bu yerda qum va tuz bo‘ronlari avj olmoqda va ular har yili bir necha ming kilometr masofagacha 75 million tonnadan ko‘proq qum va tuzni atmosferaga tarqatmoqda.

Orol fojiasi mintaqadagi iqlim sharoitini og‘irlashtirdi, yoz davrida quruqlik va jaziramani kuchaytirdi, sovuq va qaqshatqich qishlarni uzaytirib yubordi. Mutaxassislarni bashoratiga ko‘ra, 2035−2050 yillarga kelib mintaqadagi havo darajasi hozirgi ko‘rsatkichlarga nisbatan yana 1,5−3 darajaga o‘sishi mumkin. Undan tashqari, Orol fojiasining tahdidli ta’siri butun dunyoda kuzatilmoqda. Xalqaro ekspertlarni ta’kidlashicha, Orol mintaqasining zaharli tuzlari Antarktida sohillarida, Grenlandiya muzliklarida, Norvegiya o‘rmonlarida va Yer kurrasining ko‘plab boshqa joylarida topilgan.

Jamg‘armaning maqsadlari nimalardan iborat?

Aholining turmush faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiy, iqtisodiy rivojlanish, ekologik vaziyat, ijtimoiy himoya va boshqa shu kabi sohalar bilan bog‘liq bo‘lgan Orolbo‘yining zaruriy muammolarini hal qilishda muvofiqlashtirilgan yondashuvni ta’minlash.

O‘zbekiston hukumati, BMT agentliklari va Trast fondining strategiyasi doirasidagi donorlik hamjamiyatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish orqali mintaqani rivojlanish jarayoniga birgalikdagi yordamni ta’minlash.

Orolbo‘yi mintaqasi muammosiga jahon hamjamiyatining e’tiborini qaratish va mintaqa rivoji uchun texnik va moliyaviy resurslarni safarbar qilish.

Orolbo‘yi mintaqasiga ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarning o‘ziga xos bo‘lgan «xabi» sifatida mintaqani barqvaror rivojini ta’minlash maqsadida yangi bilimlar, innovatsion texnologiyalar va yondashuvlarni jalb qilish.

Jamg‘arma yuqoridagi maqsadlarga qanday qilib erishadi?

Jamg‘arma turli manfaatdor tomonlarning, shu jumladan, xalqaro moliyaviy va donor tashkilotlar, O‘zbekiston hukumati, milliy mintaqaviy va mahalliy hokimiyat organlari, BMT agentliklari va jamoatchilik tashkilotlarining tajribasini o‘zida birlashtiradi. IXKTFning faoliyati qisqa muddatli chora-tadbirlar bilan cheklanib qolmaydi, balki, mahalliy hamjamiyatlarni faol jalb qilgan holda, Janub-Janub dasturi bo‘yicha hamkorlik orqali texnologiyalar bilan almashinuvga ko‘mak beruvchi majmuaviy innovatsion yechimlarni ilgari suradi. Bu yechimlar, aslida, oqibatlarga munosabat bildirish emas, balki ularni profilaktikasiga yo‘naltirilgan. Shunday qilib,IXKTF faoliyati va uning loyihalari ilg‘or jahon tajribasiga muvofiq tarzda rivojlanish maqsadlariga yetishish uchun strategik, shaffof va adolatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi dasturiy yondashuvni qo‘llagan holda Hukumatning Orolbo‘yi mintaqasi muammolarini hal qilishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarini to‘lig‘icha to‘ldiradi va davom ettiradi.

Bundan tashqari, unga quyidagicha erishiladi:

  • Trast fondi strategiyasida nazarda tutilgan Orolbo‘yi mintaqasida yashaydigan aholining talab va ehtiyojlarini aniqlash bo‘yicha ijtimoiy tadqiqotlar natijalari asosida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali. Tadqiqot 2018 yilda Qoraqalpog‘istonning eng ko‘p aziyat chekkan 8ta tumanida o‘tkazildi va 1600ta uy xo‘jaligini qamrab oldi.
  • BMT shafeligida, Jamg‘arma moliyalarini ma’muriyatlashtirishning shaffof jarayonini ta’minlash orqali — u BMTning ko‘psheriklik trast jamg‘armasining Nyu-Yorkdagi ofisi tomonidan amalga oshiriladi.
  • O‘z mablag‘lari qayerga investitsiya qilinishini «on-layn» usulida bilib olish imkoniga ega bo‘lgan donor tashkilotlarini jalb qilish imkoniyatidan foydalangan holda loyihalarni shaffoflik tarzida tanlash, tasdiqlash, amalga oshirish va monitoring qilishni ta’minlash orqali.
  • Jamg‘arma xalqaro me’yorlar va standartlarga muvofiq ravishda loyiha takliflarini ishlab chiqish va loyihalarni amalga oshirishda milliy tuzilmalarning salohiyatini oshiradi.
  • Jamg‘arma Strategiyada yozib qo‘yilgan aniq natijalarga erishishni maqsad qilib qo‘ygan va buning uchun umuman Jamg‘arma faoliyati va uning xalqaro talablar va mahalliy qonunchilik doirasidagi loyihalarini monitoring qilib borish, baholash va hisob-kitob qilish tizimini ta’minlaydi.

Aholi uchun manfaat nimalardan iborat?

Inson huquqlari, ehtiyojlariga asoslangan va o‘z maqsadi yo‘lida keng qamrovli bo‘lgan transformatsion IXKTFni tashkil etish g‘oyasi jahondagi eng yirik antropogen falokatlardan birining oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha ko‘p sektorli va insonlarga mo‘ljallangan chora-tadbirlarni jamlash va mustahkamlashga yo‘naltirilgan. Bir necha maqsadlarni mo‘ljallash zarur: ish joylarini tashkil etish, tabiat resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash, ayollar va qizlarning huquq va imkoniyatlarini mustahkamlash, shu jumladan, qiyin sharoitlardagi ayollarni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma rejalashtirish va tashabbuslarni amalga oshirish vositasida samarali boshqaruvni rivojlantirish.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston hukumati yuqorida zikr etilgan yo‘nalishlar, shu jumladan, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha 2017−2021 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi doirasida qator dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. Jamg‘armaning maqsadi — Fondning birlashgan Strategiyasi asosida muvofiqlashtirilgan donorlik ko‘magini jalb qilish yo‘li bilan ushbu sa’y-harakatlarni to‘ldirishdan iborat. Jamg‘arma, shuningdek, Orolbo‘yining eng zaif va uzoq hududlariga va hamjamiyatlar bilan bevosita ishlashga ko‘proq e’tiborni qaratadi.