Dushanba kuni taxminan 14:30 da «Toshkent» savdo markaziga (sobiq Turkuaz supermarketi) tutash binoda aralash janglar ustasi Murod Xonto‘rayev pichoqlandi. Bu haqda Toshkent IIBB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Sportchi Shayxontohur tumanidagi 1-shahar klinik shifoxonasiga yotqizildi. «Jabrlanuvchi taxminan 15:00 da son sohasida pichoq bilan yetkazilgan ikki jarohat hamda ko‘krak qafasi sohasidagi lat yeyishlar bilan shifoxonaga yotqizildi», - dedi shifoxona vakili «Gazeta.uz"ga.

IIBBdan qayd etilishicha, shifokorlar jabrlanuvchining holatini qoniqarli deb baholagan. Sportchiga hujum qilgan shaxsning kimligi aniqlanganicha yo‘q.

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Avvalroq Murod bezorilik uchun 16,2 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgan edi. 20 iyun kuni «Aurum 898» tungi klubi yaqinida u ishtirokida janjal bo‘lib o‘tgan edi.

«Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchilar bilan janjal natijasida sportchi Jamshid Kenjayev halok bo‘lganidan so‘ng Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari sportchi tomonidan qonunlar buzilgan taqdirda javobgarlik sport federatsiyasi va murabbiylarga yuklatilishi, murabbiylar litsenziyasidan mahrum etilishini ma’lum qilgan edi.