Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko 26 noyabrdan 2019 yilning 25 yanvariga qadar mamlakatda harbiy holat e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deya xabar qildi UNIAN agentligi. Hujjat kuchga kirishi uchun Oliy Rada tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Avvalroq Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi Kerchen bo‘g‘ozida Ukraina va Rossiya harbiy-dengiz kuchlari ishtirokidagi hodisa to‘g‘risida ma’lumot tarqatgan edi.

Dipmissiya ma’lumotlariga ko‘ra, 25 noyabr kuni Ukraina Harbiy-dengiz kuchlari kemalari — ikkita «Berdyansk» va «Nikopol» artilleriya katerlari hamda «Yan Kapa» reyd shatakchi kemasi — Azov dengizida Odessa portidan Mariupol portiga rejali o‘tishni amalga oshirgan, Rossiya tomoni xavfsizlik maqsadlarida ogohlantirilgan.

Rossiyaning «Sobol», «Don», «Mangust» va «Suzdalets» chegara katerlari «Ukraina QK HDK kemalariga qarshi ochiqchasiga tajovuzkorona harakatlarni amalga oshirdi», deyiladi xabarda. «Don» chegara kemasi ukrain reyd shatakchi kemasiga urib, shikast yetkazgan.

Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya chegarachilari ukrain HDK kemalarini ular Kerchen bo‘g‘ozidan chiqqunga qadar kuzatib borgan va kemalar guruhiga qarata o‘t ochgan, keyinroq esa ukrain kemalari Rossiya maxsus qo‘shinlari tomonidan egallangan. Olti nafar ukrain harbiy xizmatchisi jarohat oldi, deyiladi xabarda.

«Rossiya Federatsiyasining harakatlari BMT Ustavi va BMTning Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasini qo‘pol ravishda buzilishidir», — deyiladi axborot materialida. JUmladan, ukrain tomonining fikricha, BMTning Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasining 38 va 44-moddalari buzilgan.

Ukraina yaralangan harbiy xizmatchilarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, ularni zudlik bilan Vataniga qaytarishni ta’minlash, shuningdek egallab olingan harbiy mulklarni qaytarish va ukrain tomoniga yetkazilgan zararlarni qoplashni talab qildi.

Bundan tashqari, mamlakat TIV ittifoqchi va sheriklariga Ukrainaga xalqaro tan olingan chegaralar doirasida hududiy yaxlitligi va suverinetini himoya qilishda harbiy yordam berish iltimosi bilan murojaat qildi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa 25 noyabr kuni Ukraina HDKning «Berdyansk», «Nikopol» va «Yanы Kapu» kemalari BMTning Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasining 19 va 21-moddalarini buzgan holda Rossiya davlat chegaralarini kesib o‘tganini ma’lum qildi.

Kemalar vaqtincha yopilgan Rossiya akvatoriyasiga kirib kelgan va bir necha soat davomida ularni kuzatib kelayotgan Rossiya kater va kemalarining talablariga bo‘ysunmasdan, xavfli manyovrlarni bajargan, deya yozmoqda RIA Novosti.

Kemalar Rossiya qirg‘oqlaridan taxminan 20 km uzoqlikda, kemalarning Kerchen bo‘g‘ozi bo‘ylab Qirim ko‘prigi ostidan o‘tadigan odatiy yo‘lidan 50 km janubi g‘arbda qo‘lga olingan.

Hodisa vaqtida uch nafar ukrain harbiy xizmatchisi yengil tan jarohati olgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, hayotiga xavf yo‘q.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida hodisani «joyi va tashviqot shakli bo‘yicha puxtalik bilan ishlab chiqilgan va rejalashtirilgan» deb atadi.

«Bularning barchasi, ko‘rinib turibdiki, Ukrainaning o‘zidagi ichki siyosiy muammolardan e’tiborni chalg‘itishga qaratilgan», — deyiladi bayonotda.

Rossiya tomoni ham Ukrainani xalqaro huquqlar, jumladan BMT Ustavi va Dengiz huquqlari bo‘yicha konvensiyasi «hamda barcha davlatlardan boshqa mamlakatlarning suverenitetini hurmat qilishni talab qiluvchi boshqa xalqaro-huquqiy instrumentlar"ni buzganlik ayblamoqda. Bu borada RF TIV matbuot xizmati tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Har ikki mamlakat ham BMT Xavfsizlik kengashiga yaqin vaqtlarda yig‘ilish chaqirish iltimosi bilan murojaat qildi.

Shu o‘rinda, Ukraina elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat prezidenti Pyotr Poroshenko ayni paytda parlamentda muhokama qilinayotgan harbiy holatning joriy etilishi urush boshlanganini bildirmasligini ta’kidlab o‘tgan. «Ukraina hech kim bilan urishishni rejalashtirayotgani yo‘q. U faqatgina mudofaa maqsadlarida joriy etilmoqda», — deya davlat rahbari so‘zlaridan iqtibos keltirildi.