Qashqadaryo viloyatida joriy yilning 10 oyida 899 ta yong‘in qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 taga kamaygan. Biroq, sodir bo‘lgan yong‘inlar oqibatida 51 fuqaro tan jarohati olib, 7 nafari halok bo‘lgan, deya xabar qildi O‘zA.

«Aksariyat hollarda yong‘in chiqishiga e’tiborsizlik sabab bo‘ladi, — deydi viloyat IIB YOXB boshlig‘i, polkovnik Farhod Mirzayev. — Misol uchun, joriy yil 8 avgust kuni Shahrisabz tumani Mug‘iltoy qishlog‘ida yashovchi fuqaro Tirkash Ravshanov (ism-familiya o‘zgartirilgan) ning hovlisidagi somonxonada yong‘in sodir bo‘lib, somonxonaning tom qismi va ichidagi somon g‘arami yonib ketgan. Dahshatlisi, voqea joyidan uy egasining 7 yoshli nabirasining kuygan jasadi topilgan. Aniqlanishicha, yong‘in o‘sha qizaloqning somonxonaga kirib, gugurt o‘ynashi natijasida sodir bo‘lgan».

1 oktyabr kuni Qarshi shahar Balandnavo ko‘chasida yashovchi fuqaro B.S.ning uyida yong‘in sodir bo‘lib, uy ichi va tom qismining 85 kvadrat metr maydoni yonib ketgan. Achinarlisi, yong‘in sabab B.S. kuyish tan jarohati olgan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i G. L. yuqori darajadagi kuyish oqibatida vafot etgan.

Shu kuni taxminan soat 01:45 larda Qarshi shahrida yana bir mudhish fojia ro‘y bergan. Navo mahallasi Yangi darvoza ko‘chasida yashovchi fuqaro Shoto‘ra Toyqarayev (ism-familiya o‘zgartirilgan) ning uyida yong‘in chiqib, xonadon egasining bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan. Aniqlanishicha, mazkur yong‘inga Sh.Toyqarayevning mast holda sigaret chekib, uxlab qolishi sabab bo‘lgan.

Tahlillarga ko‘ra, bu kabi noxush holatlarning 70 foizi aholi turar joylariga to‘g‘ri kelmoqda va bunda gaz va elektr bilan bog‘liq noxush holatlarning ham xissasi bor. Jumladan, aholining nosoz isitish qurilmalaridan foydalanishi oqibatida is gazidan zaharlanish holatlari ham uchrab turibdi.