O‘zbekiston huquqni himoya qilish borasida hukumatga qarashli bo‘lmagan tashkilotlar bilan amaliy muloqotni davom ettirish hamda inson huquqlari sohasidagi xalqaro tuzilmalar bilan yaqin sheriklik kengaytirishni qat’iy maqsad qilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Samarqandda Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.

«Bizning ustuvor vazifamiz inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga har tomonlama ko‘maklashish, uning asosiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashdan iborat. Bu jamiyatda tinchlik va barqarorlik, farovon hayotni ta’minlashning asosiy shartidir», — dedi davlat rahbari.

Prezident 70 yil avval qabul qilingan Butunjahon inson huquqlari deklaratsiyasi butun dunyoda demokratiya va insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirish borasida yangi imkoniyatlar ochganini ta’kidlab o‘tdi. «Afsuski, bugungi kunda biz barchamiz ana shu ijobiy jarayonga to‘sqinlik qilayotgan murakkab va ziddiyatli tendensiyalar kuchayib borayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz», — dedi u.

«Bu o‘rinda jahonda, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyodan tortib Yaqin Sharqqacha bo‘lgan makonda qurolli to‘qnashuvlar kuchayib, o‘zaro ishonchsizlik va nizolar, millatlar va konfessiyalararo ixtiloflar chuqurlashib borayotgani, barqaror taraqqiyotga qarshi boshqa global tahdid va xatarlar haqida so‘z bormoqda», — deya davom ettirdi prezident.

«Ilojsiz holda o‘z yurtini tashlab ketayotgan kishilar va qochqinlar soni tobora ortib borayotgani, ta’lim va tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyati yo‘qligi, odam savdosi va majburiy mehnat, ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash, qashshoqlik va ochlikka barham berish zarurati bilan bog‘liq muammolar murakkablashib borayotganiga chetdan tomoshabin bo‘lib qarab turolmaymiz», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Shu ma’noda, prezidentning qat’iy ishonch bildirishicha, jami 4,5 milliarddan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Osiyo mintaqasining kelajagi ko‘p jihatdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2030 yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga tayyor bo‘lishga, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha samarali mintaqaviy mexanizmni shakllantirishga bog‘liq.

Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi ilk bor o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev may oyida AQSHga tashrifi chog‘ida Samarqandda mazkur tadbirni tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.