Rossiyalik rejissyor va aktyor Vladimir Menshov 27−30 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan PROlogue IV xalqaro kinofestivalining faxriy mehmonlari ro‘yxatiga kiritildi, deya xabar qildi O‘zA. Xalqaro kinofestival direksiyasidan ma’lum qilinishicha, boshqa taklif etilgan yulduzlar qatorida Vladimir Menshov ham O‘zbekistonning yosh kinematografistlari uchun mahorat-darslarini o‘tkazadi.

Teatr, kino va televideniye aktyori, kinorejissyor, ssenarist, prodyuser va teleboshlovchi rossiyalik Vladimir Valentinovich Menshov 1939 yilning 17 sentyabr kuni Bakuda tug‘ilgan. Menshov — Rossiyada xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi,Rossiya xalq artisti, «Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi» filmi uchun «Oskar» mukofotining «Xorijiy tildagi eng yaxshi film» nominatsiyasida laureat bo‘lgan.

Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, to‘liq va qisqa metrajli, shuningdek milliy qisqa metrajli badiiy filmlar tanloviga 280 dan ortiq ish kelib tushgan. Shvetsiya, Fransiya, Isroil, Eron, Ukraina, AQSH, Peru, Qozog‘iston va boshqa 60 dan ortiq davlatlarning kino sohasi vakillari PROlogue kinofestivalida ishtirok etish istagini bildirgan.