Kecha Qoraqalpog‘istonga safar qilgan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qo‘ng‘irot tumanidagi oilaviy poliklinikani ham ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Qo‘ng‘irot» fuqarolar yig‘inidagi 23-oilaviy poliklinika joriy yilda rekonstruksiya qilindi. Zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari o‘rnatildi.

Bu poliklinika «Qo‘ng‘irot», «Shumanay», «Qangli» ovul fuqarolar yig‘inlarida yashaydigan 12 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Oliy ma’lumotli shifokorlar bir kunda 100 kishiga xizmat ko‘rsatadi.

Poliklinika tarkibida besh o‘rinli statsionar va tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etilgan. Ayollar maslahatxonasi, o‘smir-qizlar xonasi, ijtimoiy dorixona, fitobar ochilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishini, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar sog‘ligi uchun barcha sharoit yaratilishini ta’kidladi.

Qoraqalpog‘istonda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatni yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2017−2018 yillarda investitsiya dasturi doirasida 36 ta ob’ektda 84 milliard so‘mlikdan ziyod ishlar bajarilib, ular 2,8 million AQSH dollari qiymatidagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.