Chilonzor tumani adliya bo‘limi tomonidan jinoyatlarning oldini olish, jinoyat sodir etgan fuqarolarni ushlash va jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida 2018 yil 5 sentyabr kuni Chilonzor tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi bilan hamkorlikda Chilonzor tumani, 16-mavzeda joylashgan do‘konlardagi yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan suhbat uyushtirildi. Bu haqda Chilonzor tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Jo‘rabek Maxsudov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Suhbat chog‘ida tadbirkorlar do‘konlarining old qismi va fuqarolar qatnovi yo‘lagida yoshlari taxminan 25−35 yoshdagi shubhali ayol va erkaklar tomonidan «Tramadol» hamda «Lirika» psixotrop giyohvand dori vositalari sotilayotgani, ular asosan kunning kechki ikkinchi yarmi, ya’ni 18−22 larda o‘zlarining noqonuniy «savdo"sini boshlashlarini ma’lum qilishdi.

Zahriqotil savdogarlarining bu harakatlaridan yo‘ldan o‘tib ketayotgan fuqarolar, yoshlar, savdo xodimlari va xaridorlarning osoyishtaligi buzilayotganligini, shuningdek, bu holat farzandlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini, shu sababli ushbu psixotrop moddani sotayotganlarga hamda iste’mol qilib kelayotgan fuqarolarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish, shuningdek, mazkur hududga ichki ishlar xodimlar biriktirilishini so‘rashdi.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, «Tramadol» va «Lannaxer» dori vositalari psixotrop modda hisoblanadi. Tadbirkorlar bilan suhbat chog‘idagi dalillar o‘rganilib, tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Haqiqatan ham mazkur hududda psixotrop dori vositalari oldi-sotdisi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ushlandi. Aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273- va 276-moddalari bilan 23 ta jinoyat ishi ochilib, 28 nafar fuqaroga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.