Bugun Buxoro shahrida «Saylov qonunchiligini takomillashtirish va demokratik saylovlar: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot» mavzusida xalqaro konferensiya o‘z ishini boshlaydi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Xalqaro konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tashabbusi bilan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida o‘tkazilmoqda. Konferensiyani tashkil etishda Oliy Majlis palatalari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va Buxoro viloyati hokimligi vakillari ishtirok etadi.

Mazkur konferensiyadan ko‘zlangan maqsad — xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi loyihasi, shuningdek saylov jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi.

Konferensiya ishida YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Venetsiya komissiyasi, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, BMT Kotibiyati huzuridagi Siyosiy masalalar bo‘yicha departamentning saylovlar o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘limi va boshqa shu kabi xalqaro institutlarning vakillari qatnashishi kutilmoqda.

Xalqaro konferensiya yakunida milliy saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish va demokratik saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqiladi.