O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbirlari Barno Meliqulova va Yoqub Meliboyev «Gurung» turkum suhbatlari doirasida «Rossiya», «Ikki qoya» kabi xalqlar do‘stligiga bag‘ishlangan dostonlari, «Ko‘milgan xotiralar», «Xatarli yo‘l», «Kafansiz ko‘milganlar» asarlari bilan mashhur O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo domla bilan suhbat qurdi. Quyidagi suhbatni to‘liq holda e’lon qilamiz.

— Assalomu alaykum, Shukrullo domla. Sizni avvalambor yuz bilan yuzlashishga hozirlik ko‘rayotganingiz bilan chin dildan tabriklaymiz. Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik tilaymiz. Hammaga ham sizga o‘xshagan boy va mazmunli umr kechirish nasib etsin. Siz bilan ko‘p mavzuda suhbatlashsa bo‘ladi. Adabiyot haqida, adiblarga berilayotgan e’tibor haqida nima deysiz?

— Men nimaga shoir bo‘lganman, nimani yozishim kerak bo‘lgan? Inson, avvalo, shuni bilishi kerak.

Shon-shuhrat lazzatin boshimdan ko‘tar,

Qalbimga xalqimning tashvishini sol.

Shoir, yozuvchi, olimni birinchi tashvishga solgan narsa xalqning taqdiri. Shoir hammasini shu bilan bog‘lashi kerak. Shu xalqning dardini kuylash birinchi qo‘limga qalam olib, she’r yozishimda qalbimga nido bo‘lgan. Sizga, avvalo, qayerdan paydo bo‘ldi ijod qilish fikri degan savol bo‘lishi mumkin. Ubaydulloxon Xo‘jayev advokat mening xolavachcham bo‘lgan. Man shu odamdan boshqacharoq bo‘lishim mumkinmidi? Shuni o‘ylaganman va she’rlarimni qay tariqa yozishimni belgilab oldim. Men ba’zi siyosiy jarayonlarni yoqlamadim. Bu o‘sha davr rahbarlarini o‘ylatib qo‘ydi. Bu hozirgi siyosatimizga zid yo‘lga kirib ketdi, deyishdi va qamab qo‘ya qolishdi.

— Yozuvchining yutug‘i nimada?

— Yozuvchining bitta yo‘li, maqsadi bo‘lishi kerak. O‘yin-kulgi, maishat bilan yashamasligi kerak yozuvchi.

Avvalo xalqning dardi bilan yashashi kerak. Mani xalqdan boshqa tashvishim bo‘lgan emas. Yaxshi kunlarimiz ham o‘tdi. Xudoga shukr e’tibor ham topdik. Qamoqlarniyam ko‘rdik. Ammo haqiqat, xalqparvarlik hamisha g‘olib chiqadi. Osonlik bilan yozuvchi bo‘lmaydi odam. Maqtovlar tizimiga tushib qolmaslik kerak.

— Bosib o‘tgan yo‘lingiz haqida bizga nimalarni aytib berasiz?

— Shukrki, atrofimdagi odamlar, safdoshlarim ham davrning jabrini tortgan odamlar. Qaysin Quliyev, David Kugultinov kabilar ham xalqning manfaati uchun yashagan. Bu oson emas edi. Balki mening bugungi kunda qadr topishim ham jindak bo‘lsin xalqimni o‘ylaganimdan bo‘lsa kerak. Yozuvchining konsepsiyasi bo‘lishi kerak. Xalqdan boshqa dardi bo‘lmasligi kerak. Ijodkorning xalq manfaatidan boshqa manfaati bo‘lishi mumkin emas.

Navoiy g‘amga qoldi o‘z kalomi jonfizosidin,

Oningdekkim, yetar bulbulga mehnat o‘z navosidin.

Navoiyni o‘qib, biz xalqni o‘ylamasak, qanday yozuvchi bo‘ldik. Rus yozuvchilari bilan biz og‘a-ini bo‘lganmiz. Bizda millatchilik bo‘lgan emas.

— O‘zgarishlarni ko‘rib dilingizdan qanday his-tuyg‘ular kechmoqda?

— Xudoga shukr deydigan zamon hozir. Bu kunlarga osonlikcha yetishmadik. Bugungi kunimiz, turmushimiz faxrlanishga arziydigan kunlardir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishni xalqning ko‘ziga tushadigan ishlardan, obodonchilikdan boshladi. Bu yaxshilikdan boshqa narsa emas. Prezidentimizning qilayotgan ishi maqtovga loyiq. Bu haqda o‘ylasam qalbimga bir quvonch paydo bo‘ladi. Chunki bu rejalar mening orzularimga to‘g‘ri kelyapti. Ya’ni bundanam yurtni obod qilish, turmushni farovon qilish, xalqning g‘amini yeb, madaniyatimizni o‘ylab ulkan ishlar qilish. Bu ishlar hammaga ko‘rinib turibdi. Xalqimizga eng keragi ma’rifat, obodonchilik va turmush farovonligidir. Hozirgi kunda oliy ta’limdayam, matbuotdayam yangicha qarash shakllandi.

Prezidentning nima qilayapti deganiga javob bermasdan o‘tsam, gunoh bo‘ladi. Qilayotgan ishlari ibratga loyiq. Bu qilingan ishlarni quruq maqtamoqchi ham emasman. Qilinayotgan ishlar haqida gapirmoqchiman.

Hozirgi islohotlar xalqimizning qalbidagi ishlardir. O‘ylaymizki, kelajagimiz bundanda farovonroq bo‘ladi. Adabiyotimiz, madaniyatimiz, ma’naviyatimiz ham yuksaladi.

— Yozuvchilarga shunaqa e’tibor bo‘lganmi?

— Hozirgi kunda yozuvchilarga ham e’tibor berilayapti. Bittasi mening o‘zim. Uyimga kelib, xabarlashib, suhbatlashib, dardimni eshitib, xalqqa bo‘lgan munosabatimni bildirishim ham katta gap.

— Bugungi o‘zgarishlarni ko‘rib qanday asarlar yaratgingiz kelayapti?

— Yozuvchilarga Oybek, Shayxzoda shular nima degan bo‘lsa o‘sha gap. Oybekning bir gapi bo‘lardi. «Yozing, yozing, yozing, yaxshi yozing, to‘g‘ri yozing. Boshqa gap yo‘q.» Yaxshi yozing deganda nimani aytganlar. O‘zi nimani yozgan bo‘lsa o‘sha ibratdir. Albatta, madaniy merosni, badiiy adabiyotni o‘rganish kerak.

Bo‘sh qop tik turmas, deyishadi. Uning ichida bir narsasi bo‘lishi kerak. Shunday ekan bekor o‘tirmaymiz, dardimiz bor, xalq manfaati uchun bir narsa qoldirarmikinmiz degan niyatimiz bor. Lekin uni qachonki ro‘yobga chiqaramiz, buni Xudo biladi.

Yurtimizda juda muhim ishlar bo‘lyaptiki, bu Prezidentimizning yelkasida og‘ir yukdir. Mana shu og‘ir va mas’uliyatli yukni Prezidentimiz sharaf bilan bajarishini, ro‘yobga chiqarishini Xudodan so‘rayman.

Chunki bu xalq dardi va orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarish xalqning baxti, Prezidentimizning ham baxti.

Prezidentimizga kuch-qudrat, toliqmaslikni Xudodan so‘raymiz. Shavkat Mirziyoyev ilm-ma’rifat odami.

Ilm egasi bo‘lish rahbar uchun juda katta fazilat. Demak, yurtimizda ma’rifat yuksaladi. Yaxshi niyatda yo‘lga chiqqan Prezidentni duo qilishdan, umr tilashdan boshqa hech nimamiz yo‘q. Umrlari uzoq bo‘lsin, kelajagi porloq bo‘lsin.

— Bugun xalqaro munosabatlar mustahkamlanmoqda. Bu haqda nima deysiz?

— Xalqlar orasidagi do‘stlik, ayniqsa katta xalqlar bilan bo‘layotgan ishlar juda katta ish. Do‘stlikdan ajralib qolishdek g‘ariblik yo‘q. Biz kundan-kunga xalqaro munosabatlarimiz, qadrdonligimiz ortib borayapti. Bu bizning obro‘yimiz. Bundan yaxshi Prezidentni topib bo‘lmaydi.