Marvel sarguzasht jangari filmlar studiyasining «Qasoskorlar: So‘ngsizlik urushi» (Avengers: Infinity War) kartinasi Amerikaning an’anaviy People’s Choice Awards mukofotining «2018 yil filmi» nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda RIA Novosti ENews portaliga tayanib xabar qildi.

Jeyms Foulining «Ozodlikning ellik jilosi» (Fifty Shades Freed) filmi yilning eng yaxshi dramatik kartinasi, Suzanna Fogelning «Meni tashlab ketgan josus» (The Spy Who Dumped Me) filmi — eng yaxshi komediya, «Seperoila 2» (The Incredibles) mulfilmi — eng yaxshi oilaviy kartina nominatsiyalarida g‘olib bo‘ldi.

Bundan tashqari, tomoshabinlar erkak va ayol aktyorlar orasidan eng yaxshi kinoyulduzlarni ham aniqladi. Erkaklar nominatsiyasida «Qora qoplon» (Black Panther) filmida bosh rolni ijro etgan Chedvik Bouzman, ayollar o‘rtasida eng yaxshi kinoyulduz nominatsiyasida esa «Qasoskorlar: So‘ngsizlik urushi» kartinasida tasvirga tushgan Skarlett Yoxansson g‘olib bo‘ldi.

People’s Choice Awards — Amerikaning tomoshabinlar o‘rtasida ovoz berish yo‘li bilan pop-madaniyat namoyondalariga topshiriluvchi mukofoti. U 1975 yildan buyon har yili topshirib kelinmoqda. 2005 yilga qadar har nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar sotsiologik so‘rov o‘tkazish orqali aniqlangan bo‘lsa, so‘ngra Internetda ovoz berish tashkil etildi.