Xalqaro hamjamiyat Markaziy Osiyoda uran qazib olish oqibatlarini bartaraf etishga qo‘shimcha mablag‘larni safarbar etadi, deya xabar qildi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Payshanba kuni YeTTBning Londondagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo uchun ekologik reabilitatsiya hisob raqamiga badal yig‘ish boshlanganiga bag‘ishlangan anjumanda 30 dan ortiq mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yevropa komissiyasi qo‘shimcha ravishda 10 mln yevro ajratdi. Belgiya, Shveysariya, AQSH, Norvegiya av Litva ulush qo‘shish haqida e’lon qildi.

«Yig‘ilgan mablag‘lar jamg‘arma faoliyatini yangi reabilitatsiya ob’ektlarida tatbiq etishga imkon beradi, biroq mazkur hududdagi barcha birlamchi ahamiyatga ega uchastkalarda ish olib borish uchun qo‘shimcha mablag‘lar talab qilinadi», — deyiladi YeTTB xabarida.

Jamg‘arma 2015 yilda Yevropa komissiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, YeTTB boshqaruvi ostida faoliyat olib boradi. Uning faoliyati Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda doiraviy bitim imzolanganidan so‘ng boshlandi. O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi to‘rtta ob’ektda reabilitatsiya ishlari 2019 yilda boshlanadi.

«Sobiq Ittifoq davrida Markaziy Osiyo uranning muhim manbasi bo‘lgan. Bu yerda uni qazib olish 50 yildan ziyod vaqt davom etdi, bu yerga boshqa mamlakatlardan ham uranni qayta ishlash uchun rudalar olib kelindi. Tuproq qatlamlari va radioaktiv chiqindilar to‘plangan maxsus majmualarda ko‘p miqdordagi radioaktiv materiallar mavjud. 1995 yilgacha aksariyat uran qazib olish ob’ektlari yopilgan, biroq ungacha hamda konlar va kon-boyitish korxonalari yopilgandan keyin ham ularning ekologik reabilitatsiyasi yuritilmadi», — deya qayd etiladi YeTTB xabarida.

Hududda to‘plangan radioaktiv materiallar atrof-muhit va aholi salomatligiga zarar yetkazmoqda. Ko‘plab uran ob’ektlari mintaqaning qishloq xo‘jaligi markazi — aholi zich bo‘lgan Farg‘ona vodiysidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo irmoqlarida joylashgan.