Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi.

Qaror bilan jinoiy jazolarning ijrosini ta’minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

2019 yil 1 yanvardan Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etilishini nazorat qilish boshqarmasi negizida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati tashkil etiladi.

Shartli hukm qilingan va shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish probatsiya bo‘linmalarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida «Jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish joriy etiladi.

Shuningdek qaror bilan 2019−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Konsepsiya doirasida jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro standartlarga mosligini qayta ko‘rib chiqish, mahkumlarni kamera tipida saqlashni joriy etish, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilingan shaxslarni qayta kasbiy tayyorlash masalalari nazarda tutilgan.

Bundan tashqari ozodlikdan mahrum qilinganlarning ish haqidan davlat ijtimoiy sug‘urtasiga ajratmalar o‘tkazishga bo‘lgan cheklovni bekor qilish, shuningdek ularni oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida masofaviy o‘qitishni joriy etish ham konsepsiyada o‘z aksini topgan.