27 oktabr kuni Toshkentning Uchtepa tumanidagi 236-maktabda 11-«A» sinfida tahsil olayotgan bir guruh o‘quvchilar hamda tarix fani o‘qituvchisi o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik tartibsizlikka aylanib, o‘qituvchining yengil tan jarohati olishiga sabab bo‘ldi, deya xabar qildi «Xalq so‘zi» nashri.

«Ayni paytda ushbu maktabda Uchtepa tumanida joylashgan 4 ta mahalla farzandlari tahsil olmoqda. Jumladan, Istirohat, Shaftolizor, O‘tkir va Jarbuloq mahallalarining faollari shu munosabat bilan maktabda tashkil etilgan muhokamada o‘quvchilar, ularning ota-onalari bilan yuzma-yuz suhbatlashishdi», — deyiladi xabarda.

Tadbirda mahalla faollari ota-onalarning bolalar tarbiyasidagi alohida mas’uliyati xususida to‘xtalib o‘tishdi. Maktabda o‘tkazilgan bir necha yig‘ilishlarga qatnashmasdan befarqlik bilan qarayotgan ota-onalar tanqid qilindi. Bundan keyin mahalla — maktab — ota-onalar hamkorligini yanada kuchaytirish, mahalla huzuridagi «Ota-onalar universiteti» faoliyatini jonlantirish xususida kelishib olindi.

Xuddi shunday yig‘ilish mahallalar miqyosida ham tashkil etilib, qoidabuzar o‘quvchilarga mahalla faollari, ota-onalar, maktab jamoasi va nuroniylar tomonidan ustoz maqomi, uni hurmat-izzat qilish yuzasidan tushuntirishlar berildi.