Samarqand shahridagi barcha davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida 1 noyabrdan boshlab tarbiyalanuvchilar autsorsing tizimi orqali ovqatlantirilishi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi saytida xabar berildi.

Davlat rahbarining 2017 yil 9 sentyabrdagi «Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga tadbirkorlik sub’ektlari bilan sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish ishlari eksperiment tarzida amalga oshirildi, ya’ni autsorsing tizimi yo‘lga qo‘yildi.

— Mazkur tizim kutilgan natijani berdi va o‘zini oqladi, — deydi Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Nigora Sa’dinova. — Shu bois viloyatimizda ham autsorsing tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishga kirishdik. Viloyat hokimi tomonidan 2018 yil 24 sentyabrda «Samarqand shahrida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida tajriba tariqasida autsorsing tizimini joriy qilish to‘g‘risida» qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatga ko‘ra, shahardagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan bolalarning sifatli ovqatlanishini tashkil etish maqsadida ularga oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib beruvchi tadbirkorlik sub’ektlari tegishli tanlov komissiya tomonidan o‘rganildi. Belgilangan talablarga javob beradigan korxonalar tanlanib, 1 noyabrdan Samarqand shahridagi barcha davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar autsorsing tizimi orqali ovqatlantirilmoqda.

Ayni paytda Samarqand shahridagi 96 maktabgacha ta’lim muassasasi oshxonasi 14 nafar tadbirkorga nol qiymatda berilgan. Ular oshxonalardagi mavjud uskuna va idish-tovoqlardan foydalanish bilan birga, belgilangan me’yorlar bo‘yicha qo‘shimcha jihozlash choralarini ko‘rmoqda.

Yangi tizimning qanchalik samarali ishlayotganini o‘rganish maqsadida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi va shahar bo‘limi qoshida monitoring guruhlari ham tuzilgan. Ularning kunlik o‘rganish natijalari tahlil etib borilmoqda.