O‘zbekiston Konstitutsiyasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi belgilangan. Shundan kelib chiqib qator qonun hujjatlarida mazkur tenglikni ta’minlash bo‘yicha qoidalar kiritilgan.

Xususan, Mehnat kodeksiga muvofiq jins, yoshi, irqi, millati kabi mehnatga aloqador bo‘lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida cheklashlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu bilan birgalikda, hozirgi kunda amalda bo‘lib turgan ayrim qonun hujjatlarida ayollarning mehnat qilish huquqini cheklanish holatini ko‘rish mumkin.

Masalan, Ayollar mehnati to‘liq yoki qisman qo‘llanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo‘lgan ishlar ro‘yxati bilan jami 400 ga yaqin kasblarda ayollarning ishlashi taqiqlangan.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur hujjatning qabul qilinganiga 18 yildan oshdi. Texnika taraqqiyoti tufayli bundan 15−20 yillar avval ayollar ishlatishi qiyin bo‘lgan ayrim texnik uskunalar hozirda ayollar ham bemalol ishlata oladigan darajaga yetdi.

Masalan, mazkur hujjatga ko‘ra ayollarning yo‘lovchilar soni 14 tadan ko‘p sig‘imli avtobuslarning haydovchisi bo‘lib ishlashi taqiqlanadi. Vaholanki, hozirgi kunda ushbu rusumdagi transport vositasini boshqarish uchun juda katta jismoniy kuch talab qilinmaydi.

Shu sababli ham ayollar huquqlarini cheklanishini oldini olish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan mazkur hujjat manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Yuqoridagilarga ko‘ra, mazkur Ro‘yxatni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni Telegram messenjeridagi @qonunchilikbot botiga yoki d.umarov@adliya.uz elektron pochta manziliga yuborish mumkin.