Toshkentning Chilonzor tumani Dilxush ko‘chasi 37-uyda yashaydigan fuqaro A.Akbarov xonadonida qayd etilgan guruhli ovqatdan zaharlanishda gumon holati bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika bosh davlat sanitariya shifokori Saydimurod Saidaliyev rasmiyaxborot berdi, deya xabar qildi SSV matbuot xizmati.

Axborotda qayd etilishicha, xonadon egasi Alisher Akbarovning ayoli Xaitova Umida, 42 yosh, 2018 yil 30 oktyabr kuni, taxminan soat 20:00da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ro‘parasidagi milliy taomlar kafesidan 5 dona, sixga tortilgan qiyma kabob, tandir non va to‘g‘rab, uksus solingan piyoz sotib olib, uyiga olib borgan.

Ularning uyi shu kafening yaqinida joylashgan. Uyida oila a’zolaridan Xaitova Umidaning o‘zi, uning qizlari Akbarova Aziza (1996 yilda tug‘ilgan), E’zoza (2001), Iroda (2003) va o‘g‘li Akbarov Farrux (2012) birga o‘tirib, soat 20:30da kabobni iste’mol qilishgan.

Umida Xaitovaning bergan ma’lumotiga ko‘ra, kabobda noxush hid va ta’m sezishmagan. Soat 23:30larda bolalar, binoning ikkinchi qavatidagi xonaga chiqib, uxlagan. Ularda hech qanday kasallik belgilari bo‘lmagan.

Umida Xaitovaning taxminan soat 23:30larda boshi qattiq og‘rigan, ko‘ngli aynigan va ko‘p marta qusgan. Xonadon egasi A.Akbarov kabob iste’mol qilingan vaqtda uyda bo‘lmagan, qo‘shnisinikida bo‘lib, taxminan soat 24:00da uyiga qaytgan. Ayolining sog‘lig‘i yomonlashganligi to‘g‘risida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilmagan. Er-xotin binoning birinchi qavatida uxlagan.

31 oktyabr soat 04:00da Umida Xaitova ikkinchi qavatdagi farzandlari uxlayotgan xonani ochib ko‘rganda bolalarini og‘zidan ko‘pik qusuqlari chiqib, behush holda yotganligini ko‘rib, tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan. Soat 04:30da tez tibbiy yordam mutaxassislari kelib, ular tomonidan Umida Xaitovaning qizlari Akbarova Aziza, E’zoza, Iroda va o‘g‘li Akbarov Farruxda biologik o‘lim holati qayd etilgan. Ayni paytda A.Akbarov sog‘lom, uning turmush o‘rtog‘i Umida Xayitovaga esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, ahvoli qoniqarli.

Ushbu xonadon egalari Dilxush ko‘chasi 37-uydagi yangi qurilgan 3 qavatli binoga yaqinda ko‘chib o‘tgan. Uy yerto‘lada o‘rnatilgan, tabiiy gazda ishlaydigan isitish qozoni orqali isitiladi.

Yuzaga kelgan ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston bosh vazirining topshirig‘iga muvofiq, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislaridan iborat hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya tomonidan ushbu holat bo‘yicha ovqatdan yoki is gazidan zaharlanish taxminlari o‘rganilmoqda.

A.Akbarov xonadon va milliy taomlar kafesidagi tashqi muhit ob’ektlaridan tahlillar uchun tegishli namunalar olinib, Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatining laboratoriyasiga topshirildi. O‘rganilayotgan taxminlar, laboratoriya tahlillari natijalari hamda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar to‘g‘risida qo‘shimcha axborot beriladi.