Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan boshlab, o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik oboroti (pul aylanmasi) 1 mlrd so‘mdan oshgan yoki yil davomida belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalar umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkaziladi.

Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida umumbelgilangan tartibda soliq to‘lovchi korxona (yuridik shaxs)lar soni 500 tani tashkil etadi. Soliq islohotlari konsepsiyasiga asosan 2018 yil yil yakuniga ko‘ra, ularning soni 1200 taga oshishi kutilmoqda. Bu haqda Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi kameral nazorat bo‘limi boshlig‘i M.Tog‘ayev «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Surxondaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi hamda hududiy davlat soliq xizmati organlari umumbelgilangan tartibga o‘tayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar bilan ishlash maqsadida (joriy yil 9 oyi yakuniga ko‘ra) 2018 yilni 1 mlrd. so‘mdan ortiq tovar aylanmasi bilan yakunlashi kutilayotgan yagona soliq to‘lovchi korxonalarni faoliyat turi va hududi bo‘yicha ajratib, amaliy yordam ko‘rsatiladigan 781 ta nomzod xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ro‘yxatini shakllantirdi. Mazkur korxonalarga umumbelgilangan tartibda soliq to‘lashga o‘tishlari to‘g‘risida yozma xabarnomalar yuborildi.

Endilikda har bir tuman (shahar)dagi ro‘yxati shakllantirilgan nomzod korxonalarning vakillari Davlat soliq inspeksiyasiga taklif etilib, malakali mutaxassislar tomonidan maxsus o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Shuningdek, «Soliq-servis» davlat unitar korxonasi mas’ul xodimlari buxgalterlari mavjud bo‘lmagan xo‘jalik sub’ektlariga elektron hisob- fakturalarini yuritish qoidalarini o‘rgatadi.

Umumbelgilangan rejimda soliq to‘lashga o‘tayotgan har bir korxonaga hududiy davlat soliq xizmati organlaridan xodimlar biriktirilib, birinchi marotaba topshiriladigan hisobotlar yoki to‘ldiriladigan elektron hisobvaraq-fakturalari birgalikda amalga oshiriladi hamda 2019 yil davomida bevosita amaliy yordam ko‘rsatib boriladi.

Amaldagi soliq solish tartibiga ko‘ra, soliq to‘lovchilar amalga oshirayotgan faoliyat turi va xodimlar sonidan kelib chiqqan holda umumbelgilangan va soddalashtirilgan rejimda soliq to‘laydilar.

Davlat raxbari tomonidan Bosh prokuraturaga Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining samarali faoliyat olib borishida ko‘maklashish va bu sohada qonunning qat’iy ijrosini ta’minlash vazifasi yuklatildi.