Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Turkiyaning «Vahadir kul mimarlik inshaat taah.tic.ve san» LTD loyiha kompaniyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda kompaniya tomonidan yangi texnologiyalar va yengil konstruksiyalar asosida loyihalashtirilgan ob’ektlar taklif etildi.Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 20 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda sohaning oldida turgan vazifa va mavjud muammolar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tilib, sport ob’ektlarini qurishda rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va qurilayotgan loyihalarga tatbiq etish vazifalari belgilab berilgan edi.

Shunga muvofiq, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan O‘zbekistonda quriladigan sport ob’ektlarining jahon andazalariga mosligini ta’minlash va ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish maqsadida borasida qator xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xususan, vazirlikda o‘z loyihasini taklif etgan Turkiyaning «Vahadir kul mimarlik inshaat taah.tic.ve san» LTD loyiha kompaniyasi bugungi kunga qadar mazkur kompaniya dunyoning ko‘pgina davlatlarida zamonaviy va sifatli sport inshootlari qurgan.

Kompaniya tomonidan vazirlikka taqdim etilgan loyihalarning ahamiyatli tomoni shundaki, ushbu loyihalar jahon standartlari talabiga javob berishi bilan bir qatorda sport turlariga qarab ixtisoslashgan loyihalar hisoblanadi.

Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev xorijiy kompaniya vakillari bilan uchrashuvda quriladigan sport inshootlar uzoq muddat samarali xizmat qilishi lozimligini ta’kidlab, O‘zbekistonning har bir hududidagi mahalliy sharoitni inobatga olgan holda loyihalar ishlab chiqishni so‘radi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qancha muhim kelishuvlarga erishildi.