2019 yil fevralida O‘zbekiston va BMT Toshkentda «Markaziy Osiyo — mintaqaviy hamkorlikning yangi imkoniyatlari va istiqbollari» mavzusida konferensiya o‘tkazadi, deya xabar qildi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov dushanba kuni.

29 oktyabr kuni Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari strategik tadqiqotlar markazlari vakillari ishtirokidagi ekspertlar forumining birinchi majlisi ochildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar instituti va BMTning Markaziy Osiyo uchun ogohlantiruvchi diplomatiya Mintaqaviy markazi tomonidan tashkil etildi.

Dilshod Axatovning so‘zlariga ko‘ra, konferensiya ishida Markaziy Osiyo, Rossiya, Xitoy, AQSH, Yevropadan taniqli tahlil markazlari ekspertlari, xalqaro siyosatchilar va olimlar, shuningdek yetakchi xalqaro tashkilotlar va moliya tuzilmalari vakillari ishtirok etadi.

BMT bosh kotibining maxsus vakili, Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi rahbari Natalya German konferensiya, o‘z navbatida 2019 yil martida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarining ikkinchi konsultativ uchrashuvi kun tartibi uchun takliflarni ishlab chiqishga imkon berishini ta’kidlab o‘tdi.

Martda Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi konsultativ uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil sentyabrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida mintaqa davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvini tashkil etish g‘oyasini ilgari surgan edi.