24 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Mening fikrim» veb-portali orqali kelib tushgan «Vaqt o‘tishini teskari hisoblovchi svetoforlarni o‘rnatish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida"gi elektron jamoaviy murojaat ko‘rib chiqildi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu murojaat «Mening fikrim» veb-portaliga 27 aprel kuni joylashtirilgan bo‘lib, bugunga qadar 10 mingdan ziyod ovoz to‘pladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP a’zosi Rasul Kusherbayevning o‘z Telegram-kanalida yozishicha, majlisda ma’lumot sifatida yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarini qo‘llashga va svetoforlarga oid amaldagi davlat standartlari 1986 va 1991 yillarda qabul qilingani, bugungi kunda yo‘l harakatini tartibga solinishini to‘liq ta’minlay olmayotganligi bildirildi.

«Shundan kelib chiqib, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasiga uch oy muddatda serqatnov chorrahalardagi transport va piyodalar svetoforlarini vaqt o‘tishini teskari hisoblovchi indikatorlar bilan jihozlangan transport va piyodalar svetoforlariga bosqichma-bosqich almashtirish bo‘yicha tegishli idoralar va hokimliklar bilan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish va amalga oshirish, yangilangan „Yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalari“, „Svetoforlar“ standartlarini ilg‘or horijiy va xalqaro tajribani inobatga olib ishlab chiqib tasdiqlashi kerakligi bo‘yicha topshiriqlar berilgan qaror qabul qildi», — deb yozadi deputat.