9 oy mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 16567 ta ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 12525 ta fuqaroning huquqi tiklandi, 57 nafar mansabdor shaxsga intizomiy jazo qo‘llanildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga.

Hisobot davrida ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 344198 nafar shaxsga nisbatan 276461 ta ish ko‘rib chiqildi. Jumladan 231809 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoq va O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Tahlillarga ko‘ra, ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini:

  • haydovchilarning belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi;
  • transport vositalarini mast holda boshqarish;
  • yo‘l harakati qoidalarini buzish jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi;
  • tegishli hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi;
  • noqonuniy tadbirkorlik faoliyati;
  • avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish bilan litsenziyasiz shug‘ullanish;
  • mayda bezorilik;
  • militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik;
  • pasport tizimi qoidalarini buzish;
  • O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Xususan, ma’muriy sudlar tomonidan transport vositalarini mast holda boshqarish va transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 43605 nafar shaxsga nisbatan 42978 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 4655 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi, 33583 nafar shaxs esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 16276 nafar shaxsga nisbatan 15803 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 13711 nafar shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanildi, 1057 nafar shaxs esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.

Mast holda transport vositasini boshqarib yo‘l-transport hodisasini sodir etgan 908 nafar shaxsga nisbatan 904 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Ma’muriy sudlar tomonidan 160 151 ta ish, ya’ni barcha ishlarning 57 foizdan ortig‘i sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 2155 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi, shundan 445 tasi ish materiallari asosida o‘rganildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 36 ta qaror bekor qilindi va 33 ta sud qarori o‘zgartirildi.