O‘zbekiston fuqarolari endilikda Toshkent va Toshkent viloyatida har qanday qiymatdagi yangi qurilgan uylardan sotib olgan taqdirda, doimiy propiskaga ega bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasi 22 oktyabr kuni tegishli qarorni qabul qildi, deya xabar berdi Norma.uz.

O‘tgan yilning yozida o‘rnatilgan qiymati eng kam ish haqining 2500 barobaridan kam bo‘lmagan ko‘chmas mulklarni xarid qilish bo‘yicha cheklov olib tashlandi. Chet el fuqarolari esa, qaysi toifaga mansubligidan qat’i nazar, 3300 EKIH to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Turar joy uchun hisob-kitobni bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirish tartibi ham saqlanib qoldi.

Yangi qurilgan uyda ko‘chmas mulk sotib olgan xaridorlar ko‘chmas mulk egasi sifatida Toshkent va Toshkent viloyatida doimiy propiskadan o‘tish uchun hujjat topshirish huquqiga ega bo‘ladi.

Yangi qurilgan uy joy deganda mulkka egalik huquqi tuman (shahar) hokimining qurilishi tugallangan bino, turar joyni foydalanishga topshirishga qabul qilish to‘g‘risidagi komissiya aktini tasdiqlash haqidagi qarori asos bo‘ladi. Bunda binoning foydalanishga topshirishga qabul qilish muddati uch yildan oshmasligi talab etiladi.