Sog‘liqni saqlash vazirligi Samarqand viloyati Samarqand shahrida joriy yil 22 oktabr kuni qayd etilgan guruhli ovqatdan zaharlanish holati bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qiladi:

Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 22 oktabr soat 13.00 dan 23 oktabr soat 17.45 ga qadar 17 nafar fuqaro ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i, qorin sohasida og‘riq, 4−5 marta ich ketishi, tana xaroratining ko‘tarilganligi, holsizlik kabi kasallik belgilari bilan murojaat qilgan.

Shifokorlar ko‘rigidan so‘ng ularga «Ovqat toksikoinfeksiyasi, o‘rta og‘ir darajasi» birlamchi tashxisi qo‘yilib, kasalxonaga yotqizilgan. Bemorlarning 11 nafari erkak, 3 nafari ayol, 3 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Bemorlardan 4 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda, 13 nafari esa yengil. Shifoxonada bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, dori-darmon zahiralari yetarli. Bemorlardan laboratoriya tahlili uchun biologik namunalar olingan.

O‘tkazilgan birlamchi epidemiologik surushtiruv natijasida aniqlanishicha, bemorlar joriy yil 21−22 oktabr kunlari Samarqand shahar Sattepo mavzesidagi «Tabiat saxovati» dehqon bozori yonidagi kioska ko‘rinishidagi budkada fuqaro G‘ulom Murodov tomonidan sotilayotgan xot-dogdan iste’mol qilishgan. Xot-dog tarkibida non, sabzi salat (markovcha), bodring, pomidor, suvda pishirilgan tuxum, pishirilgan kolbasa, sosiska, ketchup va uy sharoitida pishirilgan tuxum va o‘simlik moyidan tayyorlangan mayonez bo‘lgan.

Fuqaro G‘.Murodov o‘z faoliyatini o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirmasdan, tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan, noqonuniy ravishda olib borgan. Xot-dog tayyorlangan budka sanitariya-gigiyena talablariga mutlaqo javob bermaydi, ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, mahsulotlarni saqlash va sotish uchun talab etiladigan sanitariya sharoitlari yo‘q. Hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan fuqaro G‘.Murodovga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, jarima solindi va uning faoliyati to‘xtatildi. Mahsulotlardan laboratoriya tahlili uchun namunalar olindi, qolgan mahsulotlar esa savdodan olinib, belgilangan tartibda yo‘q qilindi.

Kasallik qayd etilgan hududda respublika, viloyat va Samarqand shahar sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari tomonidan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Samarqand shahrida qayd etilgan mazkur vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.