Yerik Utembayev Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimidan vaqtincha chetlatildi. 22 oktyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev shu haqdagi farmonni imzoladi.

Avvalroq Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida ushbu lavozimga 2016 yilning bahorida tayinlangan elchi o‘ta yirik miqdordagi byudjet mablag‘larini o‘g‘irlaganlikda gumon qilinayotgani haqida xabar tarqatgan edi.

«Kazinform» axborot agentligi 16 oktyabr kuni Davlat xizmatlari va koorupsiyaga qarshi kurash ishlari agentligi rasmiy vakili Janna Bastarovaga tayanib, diplomat mas’uliyatli davlat lavozimini egallagan holda O‘zbekistonda Qozog‘iston Respublikasi ma’muriy binosini qurish bo‘yicha bajarilgan ishlar bo‘yicha soxta hujjatga imzo chekkanini ma’lum qilgan edi. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, mazkur harakatlardan yetgan zarar miqdori 140 mln tengedan ortadi.