6−18 oktyabr kunlari Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida III yozgi o‘smirlar olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. O‘yinlar yakuniga ko‘ra O‘zbekiston sportchilari tomonidan umumiy hisobda 16 ta medal qo‘lga kiritildi. Ularning 5 tasi oltin, 4 tasi kumush va 7 ta bronza medallaridir. Medallar sifati bo‘yicha 206 mamlakat ichida O‘zbekiston 13-o‘rinni egalladi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun tunda ushbu musobaqada ishtirok etgan sportchilar O‘zbekistonga qaytib keldi. Ular Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, sportchilarning yaqinlari, muxlislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Qayd etish lozimki, mazkur o‘yinlarda O‘zbekiston o‘z rekordini yangiladi. Taqqoslash uchun, to‘rt yil oldin Nankinda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida sportchilar 10 ta medal qo‘lga kiritgandi. Bu safargi musobaqada 16 ta medal o‘zbekistonlik sportchilarga nasib qildi.