«Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida"gi qonun (yangi tahrirda) prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qonundagi asosiy o‘zgarishlar:

bojxona sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish bojxona organlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilandi;

tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun bojxona organlari xodimlarining javobgarligi oshirildi;

tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-tamoyillarida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha normalar kiritildi;

bojxona faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va nazorat texnik vositalarini tatbiq etish bojxona organlarining asosiy vazifalari qatoriga kiritildi;

bank idoralariga inkasso topshiriqnomalari hamda taqdimnomalarini elektron shaklda taqdim etish amaliyoti kiritildi;

bojxona organlari prezident tomonidan tashkil qilinishini belgilovchi yangi norma kiritildi;

bojxona organlari xodimlari xizmat majburiyatini bajarishi, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishi chog‘ida jismoniy kuch ishlatish, maxsus vosita va o‘qotar qurolini foydalanishi shartlari, taqiqlari hamda xodimlarning huquq, majburiyat va javobgarligini belgilandi;

bojxona organlarining doimiy yashash joyidan uzoqda xizmat qiluvchi xodimlarga ijara kompensatsiyasi to‘lash, uy-joyga muhtoj va ko‘p yil benuqson xizmat qilgan xodimlarga uy-joy qurish yoki kvartira xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar, yer uchastkalari ajratish haqidagi normalar kiritildi;

bojxona organlari xodimlari va ularning oila a’zolariga tibbiy muassasalar bepul tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy ta’minot bilan ta’minlashning huquqiy asoslari belgilandi.