Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida A.S.Pushkin nomidagi rus tili va madaniyati markazi ochildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.

O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi doirasida ikki tomonlama muloqotlar, uchrashuvlar davom etmoqda. Muzokaralar natijasida yangi shartnomalar imzolanib, yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida A.S.Pushkin nomidagi rus tili va madaniyati markazi ochildi.

Markaz Toshkentdagi Rossiya Federatsiyasi Fan va madaniyat markazi hamda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining hamkorlikdagi loyihasi hisoblanadi.

Kelgusida bu yerda she’riyat kechalari, madaniy uchrashuvlar, seminar-treninglar, mahorat darslari tashkil etish rejalashtirilgan. Qolaversa bu markaz Rossiya oliygohlarida tahsil olish ilinjida bo‘lgan yoshlar uchun ham o‘z loyihalarini tayyorlamoqda.