16 oktyabrga o‘tar kechasi O‘zbekiston FVV qutqaruvchilari tungi soat 3:30 larda Qamchiq dovonini kuchli shamol va qor vaqtida aylanib chiqish vaqtida nosozlik sababli to‘xtab turgan ikkita Damas avtomashinasini aniqladi.

FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, mashinalarda 7−17 yoshdagi to‘qqiz nafar maktab o‘quvchilari va ularning uch nafar murabbiysi bo‘lgan. Ular Samarqanddagi sport musobaqasida ishtirok etib, Farg‘ona vodiysiga qaytayotganda mashinalar buzilib qolgan.

Qutqaruvchilar yo‘lovchilarni «Qamchiq» maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi binosiga olib bordi. Bu yerda ular isinib, ovqatlandi va tunab qoldi. Ertalab, avtomobillar ta’mirlanganidan so‘ng yo‘lovchilar uylariga jo‘nab ketdi.