Farg‘ona shahri hokimi Shavkat Erkaboyev va Farg‘ona tumani hokimi Sodiqjon Imomaliyev dushanba kuni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev raisligi ostida o‘tkazilgan majlisda vazifasidan ozod qilindi.

Farg‘ona shahrini 2016 yildan buyon boshqarib kelayotgan Shavkat Erkaboyev faoliyatidagi jiddiy kamchiliklar sababli vazifasidan ozod qilindi.

Farg‘ona tumanini 2013 yildan buyon boshqarib kelayotgan Sodiqjon Imomaliyev qishloq xo‘jaligidagi loyihalarni amalga oshirishda ortda qolinayotgani hamda yer uchastkalarini berishdagi qonunbuzarliklar sababli lavozimidan chetlatildi.

Tuman ma’muriyatidan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Nosirov hokim vazifasini vaqtincha bajaradi.