Davlat bojxona qo‘mitasida joriy yil 9 oylik faoliyat yakunlariga bag‘ishlangan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deyiladi O‘zA xabarida.

Tadbirda dastlab prezidentning 2018 yil 11 sentyabrdagi «Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida bojxona organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha hududiy guruhlar tarkibidagi bojxona mutasaddilarining faolligi va jonbozligini yanada oshirish, tadbirkorlarning muammolarini bartaraf etish yo‘lida bor imkoniyatlarini safarbar etish zarurligi qayd etildi.

Hay’at ishida bojxona organlarining 2018 yilning 9 oyi davomidagi faoliyati yakunlari va kelgusidagi vazifalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasini 2017−2021 yillarda rivojlantirish Harakatlar strategiyasi doirasida bojxona ma’murchiligini kuchaytirish, amaliyotga joriy etilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini takomillashtirish, bojxona rasmiylashtiruv jarayonlarini soddalashtirish va to‘lovlar yig‘iluvchanligini oshirish hamda istiqbol reja ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarilishini ta’minlashda bojxona organlari tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Natijada, hisobot davrida davlat byudjetiga undirilishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlari bo‘yicha belgilangan reja 115 foizga bajarildi.

2018 yilning o‘tgan 9 oyi davomida tadbirkorlik sub’ektlariga bojxona to‘lovlaridan 30,6 trillion so‘mlik imtiyozlar qo‘llanilgan bo‘lib, bu raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, ushbu jarayonlarga zamonaviy texnika va texnologiyalarni tatbiq etish, ishchi o‘rinlarni ko‘paytirish va innovatsion g‘oyalar ustida izlanishga xizmat qilmoqda.

Respublika bojxonachilari tomonidan kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish yo‘nalishida o‘tkazilgan tadbirlar va bojxona ko‘riklari natijasida 7,9 mingdan ortiq huquqbuzarliklar aniqlanib, 94,3 milliard so‘mlik tovarlar olib qo‘yilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash ahvoli ham atroflicha muhokama qilindi. Hisobot davrida bojxona organlariga 2,7 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning asosiy qismi bojxona organlari xizmatiga kirish, qayta tiklash va rotatsiya qilish, bojxona to‘lovlaridan imtiyoz va preferensiyalar olish masalalariga doirdir.

Tizimda korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish, mansabdor shaxslarni pora evaziga o‘ziga og‘dirishga uringan shaxslarni fosh qilish, bu borada namuna ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish masalalari chuqur tahlil qilindi.

Yig‘ilishda joriy yilning 9 oyi davomida bojxona organlari faoliyatida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar keskin tanqid qilinib, bunga yo‘l qo‘ygan markaziy apparat va hududiy bojxona boshqarmalari boshliqlarining axborotlari eshitildi. Shuningdek, boshqa tashkiliy masalalar ko‘rildi.

Hay’at yig‘ilishida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.