Nodavlat ta’lim muassasalari bitiruvchilariga keyingi bosqichdagi muassasalarda o‘qishni davom ettirish huquqini beruvchi attestatlar berish rejalashtirilmoqda. QHTBT portalida muhokama qilinayotgan hujjat loyihasida shu nazarda tutilgan, deyiladi Norma.uz xabarida.

Ayni paytda xususiy maktablar bitiruvchilariga attestatlar berish tartib-taomili qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan. Binobarin, ushbu muassasalar litsey, kollej yoki oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda tan olinadigan hujjatlarni bera olmaydi.

XTV nodavlat ta’lim muassasalari bitiruvchilari attestatlari namunalarini ishlab chiqish va tasdiqlash, shuningdek ularni berish vakolatlarini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga berishni taklif etmoqda.

Attestatlarning blankalari Davlat inspeksiyasi buyurtmanomalariga ko‘ra Markaziy bank huzuridagi «Davlat belgisi» DICHBda himoyalangan qog‘ozda bosib chiqariladi.

Berilgan attestat umumiy o‘rta ta’lim olganlikni tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi va xususiy maktab bitiruvchisiga boshqa o‘qishga kirish imkonini beradi.

Xususiy maktablar bitiruvchilarining yakuniy attestatsiyadan o‘tkazilishi va ularga attestatlar berilishini tartibga soluvchi normativ-huquqiy baza keyinroq ishlab chiqiladi. Bu nodavlat ta’lim muassasalari tizimi rivojlanishiga imkon beradi.

Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.