Toshkentda AKFA xalqaro universiteti tashkil qilinadi. Bu haqda Normativ huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent shahrida Akfa xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi qonun loyihasida ma’lum qilingan, deyiladi xs.uz xabarida.

Universitetni tashkil etish tashabbusini Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda «Akfa Medline» MCHJ bildirdi.

Universitet iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarining aniq ehtiyojlarini hisobga olgan holda fundamental, aniq, tibbiyot va gumanitar fanlar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, universitet oliy ta’lim muassasasi — O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxs maqomiga ega rezidenti bo‘ladi. Jumladan, universitet MCHJ shaklida tashkil etiladi.

Ta’kidlanishicha, o‘quv-metodik boshqaruv va ta’lim jarayonini olib borish universitet tomonidan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan kelishuvlar asosida ta’minlanadi.

Ta’lim berish O‘zbekiston davlat talablari va ta’lim standartlari hisobga olingan holda, xorijiy ta’lim muassasalarining o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq ingliz tilida amalga oshiriladi.

Bitiruvchilarga universitet tomonidan belgilangan namunadagi oliy ta’lim haqidagi diplom beriladi.

Universitetda ta’lim kunduzgi ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Universitet faoliyati ta’sischilar hamda to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kiruvchi talabalar mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

Toshkent shahri hokimiyatiga universitet balansiga Shayxontohur tibbiyot kolleji binosini berish topshiriladi.

2022 yil 1 yanvargacha universitet barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy to‘lovlarni to‘lashdan ozod etiladi.