Maktabgacha ta’lim vazirligi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 433-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida 32 nafar tarbiyalanuvchining ovqatdan zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyatni yaqindan o‘rganib chiqmoqda. Ma’lumot vazirlikka yetib kelgach, MTV mutaxassislaridan iborat komissiya darhol voqea joyiga yo‘l oldi. Bu haqda vazirlikning feysbukdagi sahifasi orqali xabar berildi.

Bu yerda Bosh prokuratura va Sog‘liqni saqlash vaziriligi vakillari ham ish olib bormoqdalar. Jiddiy holatlar qayd etilmagan, hozirgi vaqtda ikki nafar tarbiyalanuvchi kasalxonadan uyga qo‘yib yuborilgan, qolgan bolalarni ham uyga qo‘yib yuborish ishlari davom etmoqda.

Bolalar tibbiy ko‘rik va laboratoriya nazoratidan o‘tkazildi. Ushbu surishtiruv natijalari yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi. Kelajakda shunga o‘xshash hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik va ularning oldini olish maqsadida nazoratni kuchaytirish buyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.