Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2017−2018 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi ijrosi bo‘yicha izchil ishlar olib borildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni qaror toptirishga oid samarali targ‘ibot ishlari davom ettirilmoqda.

Mazkur davlat dasturi muddati hademay yakuniga yetadi. Shu munosabat bilan komissiya tomonidan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning sabablari va yuzaga kelish shart-sharoitlarini kompleks bartaraf etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan 2019−2021 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi loyihasini ishlab chiqish yuzasidan ish olib borilmoqda.

Davlat dasturi loyihasi oltita yo‘nalishni qamrab olishi nazarda tutilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish;

fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;

ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish;

korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tashkiliy choralar, tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro hamkorlik kabilar shular jumlasidandir.

Ayni vaqtda har bir fuqaro davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etishi mumkin.

Buning uchun, anticorruptionuz telegram-botiga o‘tish va korrupsiya holatlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga qaratilgan taklif qilish mumkin. Yoki korrupsiya bilan bo‘lgan holatlar xususida fikrlaringizni bildirish imkoni mavjud.

Mazkur davlat dasturini tayyorlashda korrupsiyaga shart-sharoit yaratuvchi muammolarni bevosita fuqarolardan o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi.